19:10 / 14.12.2017
42389

2018-2019 o‘quv yiliga yangi maktab formasini tatbiq etish ustida ishlanmoqda

14 dekabr kuni O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi "Yoshlar press-klubi"da 16-17 dekabr kunlari bo‘lib o‘tadigan "Imidj" yosh dizaynerlar televizion tanlovi oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda Xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari Alisher Sa'dullayev, yosh dizaynerlar, Yoshlar ittifoqi faollari hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etishdi. Tadbirda qatnashgan KUN.UZ muxbiri shu haqida xabar berdi. 

Matbuot anjumanida ma'lum qilinishicha, "Imidj" tanlovini o‘tkazishdan asosiy maqsad qobiliyatli yoshlarni kashf etish, ularni yo‘naltirish va qo‘llab-quvvatlash, shu bilan birga, yengil sanoat va moda sanoati uchun munosib kadrlarni taqdim etishdan iborat.

Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi

Mazkur tanlovda dizaynerlar ikki yo‘nalish bo‘yicha o‘zaro bellashishadi:

1. Maktab formasi modellari;
2. "Yoshlar ittifoqi" logotipi bilan erkin kiyimlar va aksessuarlar dizaynini ishlab chiqish.

Anjumanda berilgan ma'lumotga ko‘ra, shu yilning 13 noyabridan boshlab yuqoridagi ikki yo‘nalish bo‘yicha eskizlar qabul qilingan. 1 dekabr kuni maxsus hay'at a'zolari jami 983 nafar ishtirokchidan 20 kishini tanlab oldi. O‘n kun davomida Yosh dizaynerlar kengashi tomonidan tanlab olingan dizaynerlarning g‘oyalarini mukammallashtirish, matolar tanlash va andozalarni ishlab chiqishga ko‘maklashildi va shu tariqa 70 ta model tayyorlandi. 

Tadbirda maktab formalari yo‘nalishiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Jumladan ekspertlarning ma'lum qilishicha, maktab formalari namunalarini ishlab chiqishdan avval o‘quvchilarning ota-onalari, maktab direktorlari bilan suhbatlar o‘tkazilgan, ularning fikri o‘rganilgan, o‘quvchilar yangi formalarda erkin, o‘zlariga ishongan holda harakatlana olishi kabi omillar inobatga olingan. 

Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi

"Yosh dizaynerlar" NNT Kengashi rahbari Dilnoza Umrzoqovaning KUN.UZ'ga bergan ma'lumotiga ko‘ra, tanlovda g‘olib bo‘lgan dizayn asosida O‘zbekistonning o‘zida ekologik toza matolar ishlab chiqarilib, ulardan maktab o‘quvchilari formalari tikiladi. Shuningdek maktab formalari matolari va aksessuarlarining sifatiga alohida e'tibor qaratilayotgani ta'kidlandi.  

Dizaynerlar tomonidan taqdim etilgan ishlar O‘zbekiston yoshlar ittifoqining rasmiy sayti (www.yi.uz)da ovozga qo‘yildi. 16-17 dekabr kungi tanlovda barcha modellar ko‘zdan kechirilib, har bir yo‘nalish bo‘yicha g‘olib e'lon qilinadi. Xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari Alisher Sa'dullayevning so‘zlariga ko‘ra, tanlovda g‘olib chiqqan maktab formasi namunasi 2018-2019 o‘quv yilida tatbiq etilishi kutilmoqda.

Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi

Tanlov tashkilotchilari: O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi, "Yosh dizaynerlar" NNT Kengashi, Xalq ta'limi vazirligi, TIF Milliy banki va boshqa tegishli tashkilotlar. 

Top