08:41 / 14.12.2017
9166
Toshkentda bepul huquqiy maslahat berish markazi ochildi
Foto: Inside Housing

Toshkentning Chilonzor tumanidagi “Yakkabog‘” mahalla fuqarolari yig‘ini huzurida aholiga bepul yuridik maslahat berish huquqiy markazi ochildi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati ma'lum qildi.      

Markaz fuqarolarga, birinchi navbatda aholining zaif qatlamlari vakillariga bepul huquqiy yordam olishda, fuqarolarning o‘z huquqlaridan xabardorliklari darajasini oshirishda ko‘mak ko‘rsatadi. Markaz vazifalariga yangi qabul qilingan qonunlarni aholiga yetkazish, amaldagi me'yoriy-huquqiy hujjatlar va ularni amaliyotda qo‘llashni tushuntirish, mahalla fuqarolari yig‘inlariga amaliy masalalarni hal qilishda huquqiy yordam ko‘rsatish kiradi. 

Markaz, shuningdek, fuqarolik-huquqiy masalalar, oilaviy, mehnat va boshqa huquqiy munosabatlar bo‘yicha muammolarga ega fuqarolarga bepul huquqiy yordam ko‘rsatadi.   

Huquqiy yordam ko‘rsatish huquqshunoslar tomondan amalga oshiriladi. Ular, shuningdek, fuqarolarga huquqiy mazmundagi hujjatlarni tuzishda ko‘mak ko‘rsatishadi.  

Markaz Bosh prokuratura va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori bilan birgalikda amalga oshirilayotgan “Prokuratura idoralari faoliyati ochiqligini takomillashtirish va jamoatchilikning axborotga ega bo‘lishligini kengaytirish yo‘li bilan jamiyatda huquqiy madaniyatni oshirish” loyihasi doirasida tashkil etildi.

Top