11:48 / 18.12.2017
18727

Bir shaharda ikki mamlakat: Ikki "o‘t" orasida qolgan Barleda nima gaplar?

Foto: Wikipedia

Shimoliy Yevropaning sokin bir burchagida g‘aroyib geosiyosiy anomaliya mavjud: ikki mamlakat o‘rtasidagi chegara turar-joylarning qoq o‘rtasidan o‘tgan. Bir uyda yashovchi er-xotin ikki turli davlatda turgan bo‘lishi ham mumkin. Uy egalari bu sharoitdan ko‘p foydalanishadi va iqtisodiy jihatdan o‘zlari uchun foydali bo‘lgan tomonda harakatlanishadi.

Belgiya chegarasi yaqinida joylashgan Niderlandiyaning Barle-Nassau munitsipalitetida deyarli 30 anklav (barcha tomonlaridan bir davlat bilan o‘ralgan, ikkinchi bir davlatning chegarasi yoki bir qismi) mavjud, ular Barle-Xertog kommunasi sifatida mashhur. Xaritada bu Belgiya va Niderlandiya chegaralaridan iborat yadroli ulkan amyobaga o‘xshab ko‘rinadi.

Chalkashliklar ildizi o‘rta asrlarga borib taqaladi. O‘shanda turli yer uchastkalari mahalliy zodagon oilalarga tegishli bo‘lgan. Barle-Xertog Brabanta gersoglari tasarrufida bo‘lgan bo‘lsa, Barle-Nassau o‘rta asrlardagi Nassau sulolasi mulki hisoblangan. 1831 yilda Belgiya mustaqillik haqida e'lon qilganida jiddiy tushunmovchilik yuzaga keldi, keyingi hukumatlar yurisdiksiya chegaralarini belgilashdan qochish uchun bor kuchlarini ishga solishgan. Ikki mamlakat o‘rtasidagi yakuniy chegara 1995 yildagina paydo bo‘ldi - hech kimga tegishli bo‘lmagan so‘nggi yer uchastkasi Belgiya tasarrufiga o‘tdi.

Foto: Andrew Eames

Mintaqada yashovchi 9 ming aholidan taxminan to‘rtdan uch qismi Niderlandiya fuqarosi hisoblanadi. Shu bilan birga, Niderlandiya chegarasi ham kattaroq — 76 kv. km, Belgiya chegarasi esa — 7,5 kv. km. Dastlab barcha joylar bir xildek ko‘rinadi — hamma yoqda holland qishloqlariga xos bo‘lgan qizil g‘ishtli uylar. Biroq birozdan keyin farqlarni seza boshlaysiz. Bunda trotuarlarga chizilgan oq belgilar ("+") yordam beradi. Ularning bir tomonida - «NL», boshqa tomonida esa «B» harflari tushirilgan. Bundan tashqari, uylarning raqamlari tegishli bayroqlar bilan belgilangan.

Niderlandlar tomonidagi binolar bir-biriga o‘xshaydi, trotuarlar uzra esa lipa daraxtlarini ko‘rish mumkin. Ularning novdalari yaxshilab kesilgan va uzumzorlardagidek bir-biriga bog‘lanib ketgan. Belgiya tumanlari me'morchiligi esa nisbatan farqli.

Barledagi turistik palata raisi Villem van Gulning so‘zlariga ko‘ra, eshitish qobiliyati yaxshi rivojlangan kishilar aholining so‘zlashishidan ham ularni farqlay olishi mumkin. Villemning onasi belgiyalik bo‘lsa-da, u Niderlandiya fuqarosi hisoblanadi. Belgiya maktablarida fransuz tili o‘qitiladi, biroq ikki jamiyat uchun ham asosiy muloqot vositasi holland tili bo‘lib qolmoqda.

Foto: Andrew Eames

"Belgiyaliklar talaffuzida bu til sheva kabi eshitiladi, hollandiyaliklarda esa talaffuz nisbatan tozaroq", - deydi van Gul.

Talaffuzdagi tafovutlar va belgiyaliklarning "yashillik"ka kamroq e'tibor qaratishi ba'zi hollandiyaliklarning qo‘shnilarga "yuqori"dan qaray boshlashiga sabab bo‘ldi.

Van Gulning yodga olishicha, avvallari o‘smirlarning maktabdan so‘ng bir-birlari bilan urishgan holatlari ko‘p bo‘lgan.

1960-yillarda barchasi o‘zgargan - ikki jamiyat rahbarlari o‘quvchilarning bo‘sh vaqti bir-biriga muvofiq kelmasligi uchun darslar vaqtini turlicha qilishga kelishib olishgan. Bundan tashqari, o‘smirlar orasida do‘stlik va ijobiy hamkorlikni targ‘ib qiluvchi yoshlar klubi yo‘lga qo‘yilgan.

Bugungi kunda Bar­le-Nassau va Bar­le-Xer­togning aksariyat aholisi ikki mamlakat fuqaroligi va ikki pasportga ega. Ikki xalqning tinchlik-omonlikda yashashi Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning maslahatchilari e'tiborini tortgan.

Chegara borasidagi noaniqlik mintaqaga ijobiy ta'sir ko‘rsatmoqda, deb aytish mumkinmi? Shubhasiz, bu sayyohlar e'tiborini tortadi. Van Gul shunday deydi:

Foto: Toerisme Baarle

"Mehmonxonalar, do‘konlar va qahvaxonalar soni 9 ming emas, 40 ming kishilik aholi yashaydigan shaharga ko‘proq mos keladi. Yakshanba kunlari Belgiyaning barcha do‘konlari yopilganda hollandlarning do‘konlari ochiq bo‘ladi".

Biroq qiyinchiliksiz bo‘lmaydi, albatta. Ayniqsa, gap infratuzilma haqida ketganda. Eng ko‘p muammo qurilishga ruxsat olish bilan bog‘liq, deydi Belgiya munitsipaliteti meri Leo van Tilburg (chegara uning qarorgohi orqali o‘tgan). Shu tufayli belgiyaliklar binoning holland qismidan ruxsat olishlariga to‘g‘ri keladi - u anjumanlar zali orqali o‘tuvchi yorqin chiziq bilan ajratilgan.

Tilburg asosiy vaqtini Niderlandiya tomon meri Marjon de Xun bilan birga xizmatlarni - ta'lim, suv ta'minoti, infratuzilmani tashkil qilishga sarflaydi. Yangi asfaltni yotqizish, kanalizatsiya quvurlarini o‘tkazish kabilar bilan bog‘liq jiddiy muammolar mavjud. Umuman olganda, 100 ta muammodan 98 tasini hal qilish oson - albatta, tegishli maslahatlashuvlardan keyin.

Foto: Toerisme Baarle

Belgiyaning shaharsozlik qonunchiligi nisbatan yengilroq ekanini inobatga olib, chegaradagi ko‘chmas mulkni Belgiyada ro‘yxatdan o‘tkazish osonroq, deya izohlaydi uy egalaridan biri Kis de Xun. Kis — Niderlandiya fuqarosi — Barle-Xertogda yashaydi. Bir kuni u binoni qayta qurishga qaror qildi (uning kirish eshigi Niderlandiya tomonga qaragan), biroq buning uchun meriya ruxsatini olishning uddasidan chiqmadi. U bu muammoni hal qilish uchun birinchi eshikning yonidan, ya'ni Belgiya hududiga kiruvchi qismidan yana bir eshik ochdi. Endi uning uyiga olib kiruvchi ikki eshik bor, xonalardan biri - Niderlandiyada, qolgan uchtasi - Belgiyada.

Kis yuridik yechimlardan foydalangan yagona fuqaro emas. Ko‘p oilalar va biznes egalari u yoki bu ma'noda o‘z uylarining joylashuvi va boshqa mamlakatning yaqinligidan foydalanganlarini tan olishadi. Bunga naq chegaraning o‘zida qurilgan sobiq bank binosi yaqqol misol bo‘la oladi. Soliq inspektorlari tekshiruv bilan kelgan vaqtda bank egalari hujjatlarni binoning bir tomonidan ikkinchi tomoniga ko‘chirishar edi.

Foto: Toerisme Baarle

Biroq ikki mamlakatning adliya idoralari o‘rtasida bahsli vaziyatlar ham bo‘lib turadi. Masalan, Niderlandiyada spirtli ichimliklarni 18 yoshdan kattalarga sotiladi, belgiyaliklar esa 16 yoshdan boshlab pivo va vino ichishlari mumkin. Agar Niderlandiya do‘koni spirtli ichimlik sotishdan bosh tortsa, yoshlar shunchaki Belgiya tomonga o‘tib xaridni amalga oshirishadi. Niderlandiya hukumati uchun ziddiyatning yana bir manbai - shaharning Belgiyaga tegishli qismidagi feyyerverklar do‘koni. Niderlandiyada feyyerverklarni tashish va ularni sotish taqiqlangan (Yangi yil bayrami - istisno), shuning uchun Niderlandiya politsiyasi shaharni tark etayotganlarni yaxshilab tekshiradi. Shunday ekan, bu transchegaraviy hamjihatlikda hal qilinmagan ba'zi masalalar mavjud.

Top