15:11 / 18.12.2017
8601
Markaziy Osiyo mamlakatlari suv xo‘jaligi bilan bog‘liq barcha masalalarni birgalikda hal qilmoqda

Faqatgina o‘zaro xabarlashib, istisnosiz barcha mamlakatlarning manfaatlarini hurmat qilib, Markaziy Osiyo mintaqasidagi suv, oziq-ovqat va ekologik xavfsizlikni ta'minlash mumkin. O‘zbekiston qishloq va suv xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Shavkat Hamroyev 18 dekabr kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan "Xalqaro suv huquqi mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash jihozi sifatida" nomli seminarda shunday bayonot berdi. 

O‘zbekiston qishloq va suv xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Shavkat Hamroyev
Foto: CAREC

Qo‘shni mamlakatlar manfaatlari va ekotizimlariga ziyon yetkazmay barqaror rivojlanish g‘oyalariga sodiq bo‘lgan O‘zbekiston qo‘shnilar bilan munosabatlarini xalqaro huquq normalari asosida quradi. Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi mintaqaviy kelishuvlarga qo‘shimcha  ravishda O‘zbekiston 2007 yilda ikki suv konvensiyasiga qo‘shilgan:

- Transchegaraviy suv oqimlari va xalqaro ko‘llarni muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi konvensiya (Xelsniki, 1992 yil);

- Xalqaro suv oqimlaridan kema qatnovlaridan boshqa yo‘nalishlarda foydalanish huquqiga doir konvensiya (Nyu-York, 1997 yil).

Ta'kidlash joizki, bu ikki konvensiya transchegaraviy suv resurslaridan adolatli va oqilona foydalanishni ko‘zda tutadi. 

O‘zbekiston Respublikasi transchegaraviy suv resurslaridan foydalanish masalalarida xalqaro huquq normalari asosidagi konstruktiv hamkorlik tarafdoridir. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bu masalada uzoqni ko‘ra bilishi alohida e'tirof etildi, zero davlat rahbari mintaqadagi suv resurslaridan birgalikda  foydalanish masalasini O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor jihatlaridan biri sifatida belgilab berdi. 

Konstruktiv muloqot va o‘zaro hurmatga asoslangan hamkorlikdagi sa'y-harakatlarning kuchaytirilgani bugunning o‘zida "hosil" bermoqda.

So‘nggi yillarda suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha mintaqa mamlakatlari ishchi guruhlari o‘rtasida ikki tomonlama maqsadli uchrashuvlar faollashtirildi. 
 
Shuni quvonch bilan ta'kidlash joizki, Qozog‘iston prezidentining 2017 yilning 15-16 sentabr kunlari O‘zbekistonga tashrifi davomida imzolangan "Qozog‘iston va O‘zbekiston Respublikalari o‘rtasidagi suv xo‘jaligi sohasidagi uzoq muddatli hamkorlik masalalari bo‘yicha yo‘l xaritasi" suv xo‘jaligi masalalarini hal qilishni davlat darajasiga ko‘tardi. 

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha maxsus ishchi guruh tuzildi va joriy yilda uning bir necha yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ularda ikki mamlakat manfaatlariga doir suv xo‘jaligi masalalari konstruktiv muhokama qilinmoqda va samarali hal etilmoqda.

O‘zbekiston va Turkmanistonning ikki tomonlama hamkorligi uch tomonlama (ikki mamlakat vakillari va  "Amudaryo" havza-suv xo‘jaligi tashkiloti) ishchi guruh doirasida juda samarali rivojlanmoqda. 

Ayni paytda Qirg‘iziston Respublikasi bilan ishchi guruhi tuzishga doir ishlar faol olib borilmoqda. 

Top