8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

20:15 / 21.12.2017 36663

Qish va bahor kunlari bozordagi qimmatchilik nimaga bog‘liq ekani ma'lum qilindi

Qish mavsumida bozordagi narxning keskin o‘zgaruvchanligi respublika bo‘ylab mahsulotlarni saqlash omborxonalarining kamligiga uzviy bog‘liq. O‘zbekiston Respublikasi Senatining XIII yalpi majlisida senator Sayyora Baratova qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilishi nazarda tutilgan loyihalar bozordagi narxga qanday ta'sir o‘tkazishiga qiziqdi hamda shunday savol bilan Bosh vazir o‘rinbosari, Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Zoyir Mirzayevga yuzlandi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, vazir Zoyir Mirzayev «O‘zbekiston aholisining asosiy qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan talabiga mos ravishda mahsulotlar yetishtirib, bozorlarga yetkazilishini bildirdi». Tabiiy savol paydo bo‘ladi: u holda, nima uchun qish mavsumi boshlanishi bilan bahorning may kunlariga qadar bozordagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining narxi oshadi? Vazirning ta'kidlashicha, ushbu masala yetishtirilgan mahsulotlarni belgilangan tartibda saqlab turish imkoniyati cheklangani bilan bog‘liq.

«Respublikada ishlab chiqarilgan barcha (qishloq xo‘jaligi) mahsulotlarning 4,5 foizini omborxonalarda saqlash imkoniyati bor. Umumiy hisobda 430 ming tonna hajmli omborxona mavjud bo‘lib, ularda 472ming tonna hajmli muzlatgich moslamalari ishlab turibdi. Bu raqamlar shundan dalolat beradiki, 12ta shahar va 47ta tumanda sig‘imlar (muzlatish omborxonasi) yo‘q. Masalan, Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi aholining talablaridan kelib chiqib, 92ming tonna mahsulotni saqlash omborxonasi yetishmasligi aniqlangan», deydi vazir.

Bosh vazir o‘rinbosarining aytishicha, mana shu omil qish mavsumida bozor narxining keskin o‘zgaruvchanligiga katta ta'sir o‘tkazadi. Dehqonlar shu kungacha mahsulotlarni saqlashning an'anaviy usullaridan, ya'ni yerga ko‘mib saqlash texnologiyasidan foydalanadi. Bunday usulni sohada qo‘llash esa fermerning cho‘ntagiga ziyon keltirishi aniq.

«Aynan bozordagi mahsulotlarning uzilishi mart oyining ilk kunlaridan kuzatiladi. Shu boisdan, joriy yilda shunday uzilish davrida omborxonada saqlangan 211 ming tonna kartoshkani xalqqa yetkazib berish kafolati ta'minlangan. Zaxiraga olingan kartoshka mahsulotlari fermer xo‘jaliklaridan tuzilgan shartnomaga asosan sotib olindi», deb ma'lumot berdi Bosh vazir o‘rinbosari.

Zoyir Mirzayevning aytishicha, mahsulotlarni omborxonada saqlash uchun 2018 yilda muzlatgich bilan jihozlangan 111 ming tonna hajmli shunday binolar qurilishi rejalashtirilmoqda. Amaldagi mahsulotlarni omborxonada saqlash ko‘rsatkichi esa 9,5 foizga ko‘tariladi. Undan tashqari, aholining mahsulotlarga bo‘lgan talabini to‘laqonli qoplash uchun 480 ming tonna hajmli muzlatgich bilan jihozlangan omborxona yangidan qurilishi shart.

Top