18:30 / 21.12.2017
5404

O‘zbekiston va Belarus tovar aylanmasini 500 mln dollarga oshirish niyatida

Foto: Getty Images

O‘zbekiston va Belarus 2020 yilgacha ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmini 500 million dollarga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Belarus bosh vazirining o‘rinbosari Mixail Rusiy Belarus va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning Minskdagi 5-yig‘ilishida ma'lum qildi.

Mixail Rusiyning ta'kidlashicha, 2017 yil yanvar-sentabr oylarida ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar aylanmasi 100 million dollardan ortiqni tashkil etgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, davlatlar oldida jiddiy vazifa turibdi - 2020 yilgacha 500 million dollarlik tovar aylanmasiga erishish.

«Buning uchun barcha sharoitlar mavjud - siyosiy, iqtisodiy, texnik va texnologik. Uchinchi davlatlar bozorlarida birga ishlashimiz kerak», - deya ma'lum qildi Mixail Rusiy. 

O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari Nodir Otajonovning ta'kidlashicha, O‘zbekiston va Belarus an'anaviy hamkorlar hisoblanadi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, mamlakatlar o‘rtasidagi tovar aylanmasi so‘nggi paytlarda to‘xtovsiz o‘sib bormoqda. 2020 yilgacha uni 500 million dollarga yetkazish uchun mamlakatlar yaqin ish olib boradi va qo‘shma loyihalarni amalga oshiradi, dedi u.

Ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiya majlisida savdo-iqtisodiy hamkorlik va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Belarus 2018 yilga savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda aloqalarni faollashtirish bo‘yicha harakat rejasini (yo‘l xaritasi) imzoladi.

Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi doirasida Belarus Sanoat vazirligi va «O‘zeltexsanoat» o‘rtasida elektrotexnika sohasida hamkorlik bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

O‘zbekiston va Belarus 2018 yilning fevraliga qadar Belarus hamda O‘zbekiston o‘rtasida 2028 yilgacha hamkorlik to‘g‘risida yangi bitimni tayyorlash niyatida.
 

Mavzuga oid
Top