15:01 / 23.12.2017
65403

Mirziyoyev: «Sudning raisiga osmonda yurishga kim vakolat berdi? Kim?»

Foto: Prezident matbuot xizmati

Oliy Majlis huzurida Sud hokimiyati mustaqilligini ta'minlashga ko‘maklashish komissiyasi tashkil etiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasiga murojaatnomasida ma'lum qildi.

“Men bir fikrni takrorlashdan charchamayman: xalqimiz hamma narsadan ustun qo‘yadigan adolatni hayotimizda tom ma'noda qaror toptirish eng asosiy vazifamizga aylanishi shart. O‘tgan bir yil davomida sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta'minlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar boshlandi. Xususan, sudlar tuzilmasini hamda sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash va tayinlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida hech qaysi hokimiyat bo‘g‘iniga bo‘ysunmaydigan organ – Sudyalar oliy kengashi tashkil etildi. Kengash tomonidan sudyalikka nomzodlarni tanlash va tayinlashda ta'sirchan jamoatchilik nazorati o‘rnatildi.  

Nima uchun men buni bir yil repetitsiya qildim? Mana, menga olib keladi – sudga qo‘l qo‘yish uchun. Men qanday unga qo‘l qo‘yaman, u uch oydan keyin korrupsiyaga aralashib ketmoqda. Shuning uchun mana Sudyalar oliy kengashi bo‘ldi. Lekin, menga olib keladi, baribir men uni ko‘raman. Men uni qayerdan taniyman? Rosa maqtaydi. Men Oliy sudning raisi va uning muovinlaridan mutlaqo noroziman. Uch oyni ichida to‘rtovingni ham ishdan olaman. Sen o‘ylama – sayladi-yu qo‘yadi, deb. Yo‘q, menga xalq vakolat bergan, boshqa hech kim emas. Sizlarning oyog‘ingiz yerdan uzilsa, men insofli, deb qo‘yganman o‘sha yerga. Daftarda olib kelib, plyus-minus qilib berayotganini men ham eshitmoqdaman. O‘rtoq Ismoilov, u o‘yinlarni yig‘ishtiring. Umring uzoq bo‘lmaydi. Axmedbayevning hamma generallarini qaytib olib, bilasan qayerda yuribdi hozir. IIV vaziri. Sotqinligi uchun, xiyonatchiligi uchun. IIVning vaziri shunday xiyonatchi bo‘lib, bir-ikkita to‘daga qo‘shilgani uchun men uning O‘zbekistonning vaziri bo‘lib yurishini vijdonim qabul qilmadi, ikki generalini ham olib tashladim. General-leytenant emish. Shuning uchun sen ham unutma. Men nega bunday qattiq gapirmoqdaman? Bu sudning tayinlashdan oldin Andijonga o‘zi bordi. O‘nta sudni olib yurib, o‘nta mahallaga olib bordi – bironta mahallaning ahli yoki faollari sudning raisini tanimaydi. Kim u sudning raisiga vakolat beribdi osmonda yurishiga? Kim, o‘rtoq Usmonov? 

Shuning uchun jamoatchilik deganimiz – sudni tayinlashdan oldin o‘sha tumanga borib, muhitini, odamlarni bilsin, odamlarning mentalitetini bilsin. Keyin marhamat – men qo‘l qo‘yib beraman. Odam bilan hamnafas bo‘lsin u. Qaror chiqarishimiz tarbiya-ku! U qamagan odam ham O‘zbekiston fuqarosi-ku! Noinsof uchta turibdi mana muovin, bir tiyinga qimmat hammasi. Mening o‘zim hali odamni tarbiya qila olmayapman. Bizda eng katta vabo – bu sudlarda.  

Mazkur sohadagi islohotlarni davom ettirishimiz lozim. Shu maqsadda Oliy Majlis huzurida Sud hokimiyati mustaqilligini ta'minlashga ko‘maklashish komissiyasini tashkil etish zarur, deb hisoblayman. 

Bu har safargi komissiya emas, buni to‘g‘ri tushuninglar. Qanchadan-qancha narsalar chiqarmadik – qutichalar qildim, bularni tayinlash bo‘yicha u qildik, bu qildik. Lekin, ham pastdan mahallalar, ham tepadan deputatlar. Bu komissiya odamlardan kelib tushayotgan murojaatlar, xalq bilan bevosita uchrashuv va muloqot jarayonida ko‘tarilayotgan masalalarni umumlashtirishi, parlament so‘rovi orqali haqqoniy vaziyatni tahlil qilishi, Oliy sud va Sudyalar oliy kengashi bilan birga muammolarni hal etish choralarini ko‘rishi lozim. 

Albatta, hozir juda ko‘p o‘zgartirmoqdamiz. Lekin, men har safar aytaman: bir yelkada iymon, bir yelkada shayton. Iymonli bo‘lib olti oy chidaydi, lekin uni yo‘lda shayton buzadi. Nega desangiz, korrupsiyaning hidi boshqa. Unga bas kela olmaydi hamma. Millatni sevgan odam bas kela oladi. O‘rtoq Murodov degan maslahatchi ham yozib qo‘ysin. Shunga javob berayotgan odam. Hadeb maqtab kiraverasiz sudlaringizni. Nima uchun men bularni hammaning oldida aytmoqdaman? Hamma bilishi kerak – bular xalq bilan ishlamasa, biz konstitutsiyani o‘zgartiramiz. Men tayyorgarlik qilayapman.

Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta'minlash uchun, birinchi navbatda, sudyalarni odil sudlovga ta'sir o‘tkazadigan omillardan himoya qilish kerak. Tergov va sud ishiga aralashish holatlarini aniqlash, buning uchun javobgarlikni kuchaytirish va jazo muqarrarligini ta'minlash g‘oyat muhimdir. 

Biz “Xabeas korpus” institutini joriy etish va tergov olib borishda sud nazoratini kuchaytirish borasidagi ishlarni izchil davom ettiramiz. Shundan kelib chiqqan holda, tintuv o‘tkazishga va jinoyat sodir etishda gumon qilingan shaxslarning telefondagi muloqotlarini eshitib turishga sanksiya berish huquqini sudlarga o‘tkazish zarur. Demokratik nuqtai nazardan qilsak, hamma tashkilot o‘zining ishi bilan shug‘ullanishi kerak. Bu sanksiyani berish, telefondagi muloqotlarni eshitish hech qaysi tashkilotga konstitutsiyaviy berilmagan. Men qaror qabul qilaman – hammasi sudga o‘tadi. Tushungan odam tushunadi, bu inqilob, lekin adolatli inqilob.

Shu maqsadda 2018 – 2021 yillarda jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchilikni rivojlantirish konsepsiyasini qabul qilishimiz va amalga oshirishimiz zarur. Xalqimizning kechirimli bo‘lish va bag‘rikenglik kabi azaliy qadriyatlaridan kelib chiqib, jinoiy javobgarlikka tortish muddatlarini qayta ko‘rib chiqish lozim. Shuningdek, yuksak professional darajada faoliyat yuritadigan malakali sudyalarni tayyorlashga xizmat qiladigan O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasini tashkil etishimiz kerak. Konstitutsiya bayramiga bag‘ishlangan majlisda ta'kidlanganidek, bundan buyon O‘zbekistonda hibsga olingan va jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslarga nisbatan qiynoqqa solish, ruhiy hamda jismoniy bosim o‘tkazish, boshqa g‘ayriinsoniy zo‘ravonlikka mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi. Bunday harakatlarni sodir etgan xodim yoki kimningdir “buyurtmasi”ni bajargan har qanday shaxs, kim bo‘lishidan qat'i nazar, muqarrar qonuniy jazoga tortiladi”, - dedi davlat rahbari.

Top