20:40 / 24.12.2017
75575

Denovdagi bozorcha buzilishi: boshlanishi qo‘rqinchli, yakuni xayrli bo‘lishi kutilayotgan mojaro

Tahririyatimizga Surxondaryo viloyati, Denov tumani, «Vodiy» mahallasidan murojaat yosh tadbirkor murojaat qildi. U mahallaning Denov tuman markaziy kasalxonasidan yiroq bo‘lmagan joyida, M41 magistral yo‘li yoqasida tadbirkorlik bilan shug‘ullanar ekan.

Yosh tadbirkor Muhamadali Mamadisayev. Foto: KUN.UZ

Murojaatning keyingi mazmuni quyidagicha:

«O‘zimning «Oltin vodiy» MChJ tashkilotim orqali avtomobillarga servis xizmati ko‘rsatish, umumiy ovqatlanish, nonvoyxona va shunga o‘xshash xizmat turlari bilan shug‘ullanaman. Yaqinda Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 5 iyuldagi №467-son qaroriga muvofiq 3 kun muddatda joyni buzasan, deb tuman bosh arxitektoridan xat kelib qoldi.

Lex.uz orqali qaror bilan tanishib chiqsam, mening faoliyatimga mutlaqo to‘g‘ri kelmas ekan. Qarorga ko‘ra, agar tadbirkor o‘zboshimchalik bilan qurgan bino, inshoot bo‘lsagina buzilishi nazarda tutilgan. Ammo menda tuman hokimining qarori, kadastr hujjatlarim, to‘lab kelayotgan soliq va boshqa to‘lovlarim bor. 30 nafar yoshni ish bilan ta'minlaganman. Ular shu yerda mehnat qilib, oilasini boqishadi.

Vazirlar Mahkamasining ushbu qaroriga ko‘ra, hokim qarori, kadastr hujjatlari kabi hech qanday hujjatlari bo‘lmagan taqdirda, shunda ham 3 kunda emas, 15 kunda buzilishi, agar sudga berilsa, sudning yakuniy hal qiluv qarori chiqmaguncha buzilmay turishi belgilab qo‘yilgan. Bundan tashqari, bizga na bir dalolatnoma, na qaror yo bayonnoma ko‘rsatildi.

Bularga sallasini ol desa kallasini olib keladi deb tuman arxitektura bo‘limiga bordim. Oldiniga xatni olib borgan mas'ul shaxs menga do‘q-po‘pisa qila boshladi. Keyin «Vazirlar Mahkamasining qarori bilan o‘zi tanishib chiqqanmisizlar?», deb qarorni oldiga tashladim. Qarorni o‘qib hovuridan tushdi. «Endi, aka, men nima qilay, kattalar shunday buyruq bergan-da», deb o‘zini oqladi.

Masala yuzasidan tuman hokimining oldiga kirmoqchi bo‘lib turgan edim, baxtimga bir xabarni eshitib qoldim: Respublika Yoshlar ittifoqining raisi Qahramon Quronboyev kelib, tumanda yoshlar bilan muloqot qilar ekan, deb. Tumanimizdagi madaniyat va aholi dam olish markaziga borib, birinchi qatordan joy oldim va so‘zga chiqishga yozdirib qo‘ydim. Undan oldin tuman hokimini uyaltirib qo‘ymay deb hokimga «joyim masalasida gapirmoqchiman», dedim. Hokim rozi bo‘lib, «bu masalangni o‘zim hal qilaman, bo‘ldi, chiroyli qilib yana qo‘shimcha binolar qurasan, gazini bos», dedi.

Yosh tadbirkor Muhamadali Mamadisayev. Foto: KUN.UZ

Suhbat jarayonida Qahramon Quronboyev «menga siz nima uchun kelgansiz nima savolingiz bor», deb murojaat qildi. Shunda barcha voqealarni aytib berib, kredit so‘radim. Shunda Prezident davlat maslahatchisi, Yoshlar ittifoqining raisi Qahramon Quronboyev hokimga qarata «nima qilamiz», dedi. Hokim «hech qanaqa muammo yo‘q, joyiga ham tegmaymiz, kredit ham beramiz», dedi. Ertasi kuni hokimning qabuliga bordim. Hokim «chiroyli qilib o‘zing bino qurasan, lekin kredit 20 foiz», deb chiqarib yubordi. Keyin yana bordim... Xullas, ish joyidan siljimayapti, menga tegishli binolarning bir qismi buzilganicha turibdi”, — deb yozadi yosh tadbirkor Muhammadali Mamadisayev.

* * *

Biz vaziyat bilan yaqindan tanishish uchun Denov tumani markaziy shifoxonasi joylashgan «Vodiy» mahallasida bo‘ldik.

Vodiy mahallasi. Foto: KUN.UZ

M.Mamadisayevning umumiy ovqatlanish korxonasi — oshxonasidagi bostirmalar buzib olib ketilgan. 2017 yil 21 noyabr kuni tuman bosh arxitektori tomonidan 2017 yil 5 iyuldagi №467-son qaroriga muvofiq binolar uch kun ichida buzilishi kerakligi haqida ogohlantirish xati berilgan. M41 yo‘li yoqasida joylashgan binolardan ikkitasi, shuningdek, shifoxona yonidagi bozorchaga olib kiruvchi yo‘l yoqasidagi panjara to‘siqlari buzib tashlangan.

M.Mamadisayevning umumiy ovqatlanish korxonasi. Foto: KUN.UZ

M.Mamadisayevga tegishli korxona 41 yildan beri faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. O‘z vaqtida davlat korxonasi bo‘lgan, keyin xususiylashtirilgan. “Bu oshxonani boshidan bosh otam yuritgan. 10 yillar bo‘ldi, otam G‘anijon Mamajonov pensiyaga chiqqach, undan mening boshqaruvimga o‘tdi”, — deydi Muhammadali.

«Otamning qand kasali bor. Dard ustiga chipqon deganlaridek, bu yerdagi buza-buzlarni eshitib ahvoli og‘irlashib qoldi», — deydi tadbirkor.

M.Mamadisayev bizga haqiqatan ham korxonaga tegishli hujjatlari borligini ko‘rsatib, jumladan, hokim qarori va unga asosan ishlangan kadastr hujjatlarini namoyish etdi va Vazirlar Mahkamasining bu qarorida tilga olib o‘tilgan, o‘zboshimchalik bilan qurilgan korxonalar toifasiga kirmasligini ta'kidladi.

Oshxona yer uchastkasiga egalik qilish huquqi Denov tuman hokimining 2009 yil 23 martdagi №185-sonli qarori bilan hujjatlashtirilgan. Qaror ostiga tuman bosh arxitektori ham imzo qo‘ygan. Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 12 sentabrdagi №395-sonli qarori 3-ilova 47-bandiga ko‘ra egalik huquqi vujudga kelgan.

Ushbu hujjatlarga asosan kadastr hujjatlari yig‘ma jildi to‘plangan.

«Agar katta yo‘l kengaytiriladigan bo‘lsa, men o‘zimga tegishli hududning bir qismidan voz kechishga roziman. Lekin oshxonam va boshqa korxonamda ishlovchilar ishsiz qolib ketmasligi uchun bizga tuman hokimligi va arxitektori o‘zlari tasdiqlab bergan loyiha bo‘yicha qurishga izn berishsin, iloji bo‘lsa qurilish ishlarini sifatli qilib yakunlashimiz uchun bankdan imtiyozli kredit olishda ko‘mak berishsa deyman», deydi Muhammadali.

"Vodiy" mahallasidagi oshxona va dorixonalari buzib tashlangan tadbirkorlar. Foto: KUN.UZ

Biz ushbu masalada Denov tuman hokimidan tushuntirish olishimizni va'da qilib, bozorcha hududiga o‘tdik. Toshkentdan jurnalistlar kelganini eshitgan va turli do‘konlari, oshxonalari va dorixonalari buzib tashlangan boshqa tadbirkorlar ham atrofimizni o‘rab olib, o‘zlariga tegishli ko‘chmas mulk buzib tashlangani, necha kundirki ishsiz o‘tirishganini bayon qilib ketishdi.

— Men 4 nafar o‘g‘limni yonimga olib, umumiy ovqatlanish korxonasini yuritar edim, — deydi «Umedullo-Hamidullo» ko‘p tarmoqli xususiy firmasi rahbari Karomat Bobonazarov. — Jami 20 ta odamni ish bilan ta'minlagan edim. Xo‘p, oshxonani ichkariroqqa olib qurasan, deyishdi. Chiziqni ham ko‘rsatishdi. Arxitektor o‘lchab, ruxsat berdi. Men avvalgisini buzib, yangisini qurishni boshladim. O‘n kuncha avval kelib qurilishni to‘xtatib ketishdi. Axir bir kun ham tadbirkor uchun pul. Bu yerda odamlar ishsiz qolyapti. Ish yo‘qligidan o‘g‘illarim Rossiyaga ham ketmoqchi bo‘lishdi. Amallab ushlab turibman».

"Vodiy" mahallasidagi oshxona va dorixonalari buzib tashlangan tadbirkorlar. Foto: KUN.UZ

«Bek Malham» korxonasi rahbari N.Bo‘riyev, «Yasmin Umarova» korxonasi rahbari Z.Umarova, «Mahbuba Nur» XF rahbari R.Jalilova ham shunga o‘xshash fikr bildirishdi.

Eng qizig‘i, imoratlari buzib tashlangan tadbirkorlarning barchasi ularni garovga qo‘yib, turli banklardan kredit olishgan.

«Buzganga yarasha hammanikini buzsa alam qilmasdi. Ariq ustida joylashgan do‘konlar va dorixonalarning barchasi ishlab turuvdi. Davlatga soliq, patent, ishchilariga oylik to‘lab turuvdi — bular buzildi-yu, lekin manavi buzilmasdan turgan ikki qavatli do‘kon hech qachon ishlamagan. Lekin egasi zo‘rlik qildi shekilli, mana, teginilmasdan turibdi», dedi norozi fuqarolardan biri.

Biz fuqarolarning e'tirozlari haqida Denov tuman hokimi U.Qosimovdan so‘radik:

Denov tuman hokimi Ulug‘bek Qosimov. Foto: KUN.UZ

— Hudud shaharsozlik, sanitariya qoidalariga ko‘ra zamonaviy talablarga muvofiq qayta loyihalashtiriladi, hech qanday tadbirkor yersiz qolib ketmaydi. Barchaga yer ajratiladi. Hujjatsiz shu yerda faoliyat ko‘rsatib kelgan, imorati buzilganlarga ham tadbirkorlik faoliyati ko‘rsatish uchun yer ajratib beramiz. M41 yo‘lining yoqasida umumiy ovqatlanish, avtomobillarga servis xizmati ko‘rsatish korxonalari qurishga ruxsat bor. Hozir hududning umumiy loyihasi viloyat arxitektura boshqarmasidan tasdiqlanib kelayapti. 1–2 kunda borib barchaga qanday loyiha bilan qurilish kerakligi, talablarni tushuntiramiz. Loyiha bo‘yicha qurilish ishlari yakunlangach, barchaga egalik huquqini chiqarib beramiz, hech kim qolib ketmaydi, — dedi tuman hokimi Ulug‘bek Qosimov.

Bu yerdagi vaziyatdan viloyat hokimi Erkinjon Turdimovning ham xabari bor ekan:

Surxondaryo viloyat hokimi Erkinjon Turdimov. Foto: KUN.UZ

— Hech qaysi tadbirkor yersiz qolib ketmaydi. Avvalo, bunaqa qurilish obektlarida ishlash hozirgi kun talabiga javob bermaydi. Paxsadan ko‘tarilgan imoratlar bor edi hattoki. Hech kim tadbirkorlarni u yerdan quvib solayotgani yo‘q. Shu inshootlarni bugungi kun talabiga mos ravishda, zamonaviy qilib qurish vazifasi topshirilgan. Yer hududini to‘g‘ri qilib, do‘kon va oshxonalarni chiroyli qilib joylab, yerni o‘zlariga beringlar, bankdan kredit olib beringlar, degan edim.

Shuhrat Shokirjonov,
Ma'rufjon Asqarov.
KUN.UZ muxbirlari

Top