19:53 / 27.12.2017
15493

Mehnat munosabatlarida kamsitilish holati nima va undan shikoyat qilish tartibi qanday?

Foto: Fotolia

SAVOL: Mamlakatimiz qonunlari orqali mehnat munosabatlarida kamsitishning taqiqlanishi to‘g‘risida ko‘p eshitganman. Amaliyotda bu nimani anglatadi va o‘z huquqlarimizni himoya qilish uchun qayerga murojaat qilishimiz lozim?

S.Jo‘rayev

O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari mehnat huquqlariga ega bo‘lish va ulardan foydalanishda teng imkoniyatlarga egadirlar. Bu Mehnat kodeksining 6-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan. O‘zbekiston Respublikasi Xalqaro mehnat tashkilotining «Mehnat va mashg‘ulotlar sohasidagi kamsitishlar to‘g‘risida»gi 111-son (1985 y) Konventsiyasini ratifikatsiya qilgan.

Jinsi, yoshi, irqi, millati, tili, ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy holati va mansab mavqei, dinga bo‘lgan munosabati, e'tiqodi, jamoat birlashmalariga mansubligi, shuningdek, xodimlarning ishchanlik qobiliyatiga va ular mehnatining natijasiga aloqador bo‘lmagan boshqa jihatlariga qarab mehnatga oid munosabatlar sohasida har qanday cheklash yoki imtiyozlar belgilashga yo‘l qo‘yilmaydi va bular kamsitish, deb hisoblanadi.

Mehnat sohasida o‘zini kamsitilgan, deb hisoblagan har bir fuqaro kamsitishni bartaraf etish hamda o‘ziga yetkazilgan moddiy va ma'naviy zararni to‘lash to‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat qilishi mumkin.

Mehnat kodeksining  9-moddasiga binoan Siz O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligiga, kasaba uyushmalari va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori va unga bo‘ysunuvchi prokurorlarga murojaat etishingiz mumkin.

Savolga Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi yuridik xizmati rahbari Davlatnazar Matrasulov javob berdi.

Eslatma: «Yuridik xizmat minbari»da savollarga berilayotgan javoblar tavsiyaviy xarakterga ega.

Top