09:06 / 28.12.2017
16561

2017 yilda qancha musulmon Haj va Umraga samolyotda borgani ma'lum qilindi

Jidda xalqaro aeroporti. Foto: Arabnews

Saudiya Arabistoni Fuqaro aviatsiyasi bosh boshqarmasi rahbari Abdul Hakim At Tamimiy Jidda shahridagi podshoh Abdul Aziz nomidagi yangi xalqaro aeroport qachon foydalanishga topshirilishini ma'lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi havo bandargohi 2018 yil may oyida yo‘lovchilarni va samolyotlarni qabul qila boshlaydi. Bu haqda "Arabnyus" xabar qilmoqda.

“Havo transporti ziyoratchilarning Umra va Haj amallarini bajarish uchun yetib kelishlarida eng maqbul yo‘ldir. 2017 yili Haj qilish uchun samolyotda yetib kelganlar soni 1 mln 648 ming 906 kishini tashkil etdi. Umraga kelganlar soni 2017 yilda 5 mln 664 ming 208 kishi bo‘ldi”, - degan At Tamimiy. 

Uning aytishicha, podshoh Abdul Aziz nomidagi xalqaro aeroport mega loyiha bo‘lib, “terminallari maydoni 810,000 m2 ni tashkil etadi. Unda 200 ta yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatuvchi, 80 ta o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish nuqtalari bo‘ladi. Bir vaqtning o‘zida 70 ta samolyotga terminalda, 28 tasiga maydonda xizmat ko‘rsatish mumkin bo‘ladi”. 

Bosh boshqarma boshlig‘i o‘z nutqida Toif xalqaro aeroportining qurilishi ham juda muhimligini uqdirdi. “Boshqarma Toif xalqaro aeroportini xususiy sektorga berishga rozilik bildirdi. Yangi havo bandargohi mehmonlar, Umra va Haj qiluvchilar uchun qulaylik yaratadi. U 2020 yil dekabr oyida ochilishi kutilmoqda”, deya qo‘shimcha qilgan At Tamimiy. 

Top