10:26 / 28.12.2017
16353

Hisobchining qilmishlari

Uchko‘prik tumanidagi umumiy o‘rta ta'lim maktablarining birida 2011-2014 yillarda byudjyet mablag‘larining sarflanishi hujjatli taftishdan o‘tkazilganda jiddiy qonun buzilishi holatlari aniqlanib, jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Mavjudaxon Saparova (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) jinoiy javobgarlikdan qochib, 2015 yil fevral oyida yashirincha xorijga chiqib ketadi. Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida yashaydi. Unga nisbatan qidiruv e'lon qilinadi va 2017 yil may oyida ushlangan M.Saparovaning ishi sudda ko‘rildi, deb yozmoqda “Huquq” gazetasi.

- Hamma ishni bir o‘zim qilganman, - dedi aybiga to‘liq iqror bo‘lgan sudlanuvchi. – Maktabimiz direktori menga ishongani tufayli bu ishlarimdan bexabar bo‘lgan. Undan muhrni har xil bahona bilan olib qalbaki to‘lov hujjatlariga muhr bosganman. Direktorning imzosini o‘xshatib qo‘yganman...

Maktab hisobchisi M.Saparova xodimlar, o‘qituvchilar o‘ziga ishonib topshirib qo‘ygan plastik kartochkalarga ish haqlariga nisbatan ko‘proq mablag‘larni o‘tkazdirib, ortiqcha pullarni o‘zlashtirib olaveradi. 2011 yil mobaynida o‘zining va 38 nafar xodimning plastik kartochkalariga ish haqlariga nisbatan jami 29 mln. 168 ming so‘m ortiqcha o‘tkazilgan pullarni shaxsiy ehtiyojlariga sarflab yuboradi. Yuqoridagidek yo‘sinda 2012 yilda 34 nafar xodimning plastik kartochkalariga ortiqcha o‘tkazgan 93 mln. 824 ming so‘m, 2013 yili 29 nafar xodimning kartochkalariga ortiqcha tushirib olgan 72 mln. 881 ming so‘m, 2014 yilda 10 maktab xodimi va ishdan bo‘shab ketgan 4 nafar shaxsning plastik kartochkalariga 29 mln. 781 ming so‘m noqonuniy ortiqcha o‘tkazilgan pullarni shaxsiy ehtiyojlari uchun xarjlaydi. Bundan tashqari, 27 ta holatda umuman homiladorlik ta'tiliga chiqmagan xodimlarning plastik kartochkalariga noqonuniy ravishda o‘tkazdirib olgan 31 mln. 235 ming so‘m pullarni ham jig‘ildoniga uradi. To‘rt yil mobaynida jami 266 mln. 134 ming so‘m byudjyet mablag‘larini o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilib davlat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazadi.

- Tergov davomida zararning o‘rnini qoplagani mablag‘im yo‘q edi, - dedi sudlanuvchi. – Boshqacha yo‘llarni axtardim. 2014 yilning dekabr oyida maktab kompyuterida zarar qoplangani haqida soxta topshiriqnomalarni yozib qog‘ozga ko‘chirganman. Ishonchli bo‘lishi uchun tuman g‘aznachilik bo‘limining mutaxassislari xonasiga kirib, ulardan ish haqlari to‘lov topshiriqnomasiga bosib olaman, deya muhrlarni so‘rab olganman. Aldab olgan muhrni zararni qoplashga pul o‘tkazilgani to‘g‘risidagi soxta to‘lov topshiriqnomalariga bosganman. Zarar o‘rni qoplanib, jazodan qutulib qolishga umid bog‘lagandim. Biroq, men o‘ylagandek bo‘lmadi. Shundan keyin, noqonuniy yo‘l bilan qo‘lga kiritib, sarflab yuborilgan pullarning o‘rnini qoplashga ko‘zim yetmasdan, chet elga qochib ketdim.

Qing‘ir ishning qiyig‘i qirq yildan keyin ham oshkor bo‘ladi deganlaridek, M.Saparovaning nayranglari o‘tmadi. Tekshirishlarda uning qilmishlari huquq-tartibot idoralari tomonidan fosh etildi.

O‘ziga ishonib topshirilgan davlat mulkini ko‘p miqdorda o‘zlashtirish, rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, hujjatlarni soxtalashtirish, bila turib soxta yozuvlar kiritib taqdim etish kabi jinoyatlarni sodir etgan M.Saparovaga sud ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinladi. Yetkazilgan zarar undiriladigan bo‘ldi.

Qonunlarga singdirilgan, jamiyatga xos insonparvarlik, adolat tamoyillari shu shaxsga ham qo‘llanildi. E'lon qilingan amnistiyaga muvofiq tayinlangan jazo muddati uchdan bir qismga qisqartirildi. Shuningdek, sudlanuvchi M.Saparovaga tayinlangan jazo, uning 2016 yil fevral oyida tug‘ilgan farzandi uch yoshga to‘lguniga qadar kechiktirildi.

Top