22:36 / 28.12.2017
37035

“Qishloqda yashaydiganlarning aybi nima?”: Elektr energiyasi, gaz va suv masalasida xalq murojaatlari

KUN.UZ tahririyatiga O‘zbekistonning turli viloyatlaridan elektr energiyasi, tabiiy gaz va toza ichimlik suvi borasida mavjud muammolar yuzasidan turli maktublar kelishi davom etmoqda. Ularning ayrimlari bilan yaqindan tanishtirishga qaror qildik.

“Assalomu alaykum KUN.UZ. Sizlarning har bir yangiliklaringizni o‘qib boraman va men ham bir murojaat yozmoqdaman. Ismim Fahriddin, biz tomonda, ya'ni Samarqand viloyati, Urgut tumani, “Dehqonobod” mahallasida gaz kelmagan. Bundan tashqari, elektr energiyasini ham bir sutkada bersa, 2 soat yoki 3-4 soat beradi. Yonganda ham ertalab yoki kechroq yonadi. Mahallamizdagi odamlarga va yosh bolali oilalarga juda ham qiyin. Bir xil kunlari chiroq umuman yonmay ham qoladi! Vaholanki, bizni mahallamizda deyarli barcha plastik kartochkali hisoblagichda, ya'ni oldindan pulini to‘laymiz. Lekin biz kimga murojaat kilsak ham hech kim yordam bermaydi!!! Iltimos, shu masalada yordam bersalaringiz, befarq qoldirmaysizlar, degan umiddaman”.

Yana bir murojaatda shunday gaplar tilga olinadi:

“Assalomu alaykum. Men ham elektr energiyasi tanqisligi yuzasidan sizlar bilan bog‘lanayapman. Bu muammo haqida juda ko‘plab murojaatlar qilyapsizlar, ammo natija yo‘q. Men Andijon viloyati, Buloqboshi tumani, Kulla qishlog‘idanman. Biz tarafda qish boshlanishi bilan elektr deyarli uziladi, hozirgi kunda ham shunday. Kunduzi ikki soat kechasi ikki soat yonayapti. Shu ahvolda qanday yashash mumkin?? Gaz umuman yo‘q, chiroq ham bo‘lmasa biz qaysi asrda yashayapmiz o‘zi? Oddiy xalq hamon qiynalyapti, buni kim o‘ylaydi?”.

Murojaatlarning navbatdagisi quyidagi mazmunga ega:

“Assalomu alaykum KUN.UZ xodimlari. Xalq dardini eshitib, qo‘lingizdan kelgan yordamni qilayotganingizdan shu xalq juda minnatdor. Men Namangan shahrida, Q.Otamirzayev ko‘chasida yashovchi oddiy bir fuqaroman. 7 yildan beri tabiiy gaz yo‘q. Mahallamizda imkoniyati bor insonlar (juda kam) bir amallab uyini isitadi, imkoniyati yo‘q bechoralar esa eski oyoq kiyim, rezina yoqib uyini istishga majbur. Keksalar va nogironlar bor, yosh bolalar bor, ayniqsa, yoqilgan rezina tutuni alergiya qo‘zg‘atar ekan. Yosh bolalar juda qiynalmoqda, iltimos, shu mavzuni ham yozsangiz. Mutasaddi tashkilotlar e'tiboriga tushsa, mahallamizga tabiiy gaz kelsa, kelajagimiz bo‘lgan yosh avlod issiq uyda toza havodan nafas olsa, ertangi kun shu yosh avlodniki-ku. Prezidentimiz aytayaptilar-ku, xalq kelajakda emas, ertaga emas, bugun yaxshi yashashi kerak deb. Nahotki bu so‘zlarning mutasaddi rahbarlarga ahamiyati yo‘q?”.

Buxoro viloyatidan kelgan murojaat:

“Assalomu alaykum hurmatli KUN.UZ ijodkorlari! Sizlarga Buxoro viloyati, Shofirkon tumani, Hasan xo‘ja qishlog‘ida istiqomat qilayotgan aholi nomidan yozmoqdaman! Yaqin-yaqingacha bizninig qishloq tumanimizning eng so‘lim qishloqlaridan biri edi! Ammo hozirda qishlog‘imiz xuddi cho‘lga o‘xshab qoldi! Hurmatli tahririyat ijodkorlari, bizdagi asosiy muammo yurtimizni boshqa hududlarida bo‘lgani kabi tabiiy gaz muammosi! Agar sizlarni tashabbuslaringiz orqali tumanimizni mutasaddi tashkilot rahbarlari qishlog‘imizdagi muammoni hal qilib berishsa, xursand bo‘lardik! Bizda hamma narsa tayyor - har bir xonadonga quvurlar tortilgan, gaz taqsimlagichlar(GRP) bor. Faqatgina tabiiy gazni uzatishsa bo‘ldi! Oldindan rahmat!”.

Farg‘ona viloyatidan kelgan murojaatda esa quyidagi masala ko‘tarilgan:

“Assalomu alaykum KUN.UZ. Men Farg‘ona shahridanman. Elektr energiyasidagi muammolar haqida qishloqdagi hamyurtlarimning murojaatlarini o‘qidim. Shaharni havas qilishmasin. Biz yer-hovli uylarda yashaymiz. Demoqchi bo‘lganim, anchadan beri qayerga borib aytishni bilmay yurgandim, sizlarga yozayapman. Balki foydasi tegar, balki tegmas. Bizning umidimiz gaz kelishidan katta edi. Menimcha, 16 yildan beri qishda gaz bo‘lmaydi. Uyimizda katta daraxtlar ko‘p edi. Hozir ikki-uch yillik daraxtlar bor. Katta bo‘lsa, pechkaga yoqamiz, chiroq esa grafik bo‘yicha uch-to‘rt mahal, bir-ikki soatdan o‘chib turadi. Xullas Farg‘onaning Yormozor, degan joyidan sizlarga murojaat qilayapman”.

Quyidagi murojaatlarda esa ushbu sohalar bo‘yicha turli talab va muammolar tilga olingan.

“Assalomu alaykum hurmatli KUN.UZ sayti. Men Farg‘ona tumani, Chimyon qishlog‘idanman. Bizda gaz yo‘q, chiroq yo‘q, kuniga 2-3 soat yonayapdi xolos. Lekin bizga yaqin joylarda “Gagarin”, “Oqbilol”, “Kon” degan joylarda chiroq ham, gaz ham uzliksiz beriladi. Shu elektr masalasi bo‘yicha Prezident portaliga ham, “O‘zenergo” AJga ham chiqdim. Aytishlaricha, apparatlar ko‘tara olmayotgan emish. Lekin boshqa joylarda doimiy ta'minlanmoqda-ku. Chiroq bizda ham Yangi yil kunlari 2-3 kun yoniq turadi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev qishloq joylarda ham sharoit yaxshilanadi, deb aytganlar. Lekin men buni aksini ko‘rayapman.

Yana bir alam qilgan tarafi shaharlarda, yana men yuqorida aytib o‘tgan bir-ikki qishloqlarda chiroq va tabiiy gaz uzluksiz beriladi. Nega aholi 2 toifami? Insoniylik jihatdan ozgina rahmlaring kelsin. Tegishli joylarga bu xabarni jo‘natinglar, yo‘qsa davlatga, adolatga bo‘lgan ishonchim o‘ladi...”.

“Assalomu alaykum KUN.UZ tahririyati. Namangan shahar, Samarqand qishlog‘i ahli elektr energiyasi bo‘lmagani uchun hanuz sham yoqishayapti. Bizning joylarda Allohdan hammamizga insof berib, chiroq o‘chmasligini tilab qolamiz. Axir gaz bo‘lmagani uchun hech bo‘lmasa, chiroq bo‘lishi kerak. 15 kunlik farzandim bor, ertaga kasal bo‘lsa, birortasi dori-ukolga pul bermaydi. Bu muammolar hal bo‘ladimi, yo‘qmi?”.

“Assalomu alaykum KUN.UZ. Sizlarni har doim kuzatib boraman. Ishlaringizga omad. Sizlarga yozishimning sababi Surxondaryo viloyatining Qiziriq tumani, “Yakkaterak” mahallasiga ham kelib, bir mavzu tayyorlasangizlar. Bizning mahallada muammolar juda ko‘p. Mahallamizga elektr ta'minoti ikki soat beriladi. Bolalarimiz qiynalishyapti, dars qilolmaydi. Sham yoqib dars qilishadi. Yonimizda ikkita mahalla bor - biri “Istara”, ikkinchisi “Karmaki” mahallasi. Ularni chirog‘i umuman o‘chmaydi. Chunki shu ikki mahallada tepada ishlaydiganlar yashashadi. Faqat mahallamizning chirog‘ini o‘chirishadi. Suv muammosi juda qiyin. 2000 so‘mdan 45 litr suvni sotib olib ichamiz. Traktorda kelib sotib ketishadi. Iltimos KUN.UZ, bu muammolarni olib chiqingizlar”.

Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanidan kelgan murojaat ham e'tiborimizni tortdi:

“Assalomu alaykum. Men Qashqadaryo viloyati, Chiroqchi tumani, Yettitom qo‘rg‘onidan murojaat qilyapman. Uzoq yillardan beri bizning qo‘rg‘onimizda bir sutkada ikki soatdan to‘rt soatgacha elektr energiyasi berib kelinar edi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan islohotlar natijasida elektr energiyamiz yanada yaxshilandi. Mahalla ahli qish oylarida ham vaziyat shunday davom etadi, deb o‘ylagan edi, ammo bo‘lmadi. Qish kelishi bilan chiroq bir kunda to‘rt soat berilmoqda. Tez-tez uzilishlar bo‘lgani sababli, oiladagi maishiy texnika vositalari kuyib, zarar ko‘rdi. Yettitomda yashovchilarning qarzdorligi, deyarli to‘liq qoplangan. Shu masalaga viloyat yoki tuman mutasaddilari astoydil kirishisa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi...”.

Bu kabi murojaatlar juda ko‘p. Bu haqda avval ham ma'lum qilgan, tahririyatga kelgan maktublarning ayrimlari bilan tanishtirgan edik. Haqiqatda ham Prezident Shavkat Mirziyoyev aytganidek, xalq bugun yaxshi yashashi kerak. O‘ylaymiz-ki, yuqoridagi murojaatlar yuzasidan mas'ul rahbarlar atroflicha tekshirish olib borishadi va muammolar o‘z vaqtida ijobiy yechim topadi.

Top