23:17 / 28.12.2017
13463

O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan to‘qimachilik mahsulotlari 50dan ziyod mamlakatga yetkazib berilmoqda

To‘qimachilik va tikish-trikotaj sanoatida kadrlarni tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish choralari ko‘rilmoqda. Tarmoq korxonalarida tor ixtisosliklar bo‘yicha mavjud ehtiyojlar yuzasidan inventarizatsiya o‘tkaziladi hamda Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti, shuningdek tarmoq kasb-hunar kollejlari mualliflarining ma'lumotlar bazasi yaratiladi. Mazkur oliy o‘quv yurti bilan hamkorlikda tarmoq uchun yigirish, to‘qish, tikish, bo‘yash va bezatish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislarni yetkazib berish hamda korporativ boshqaruv korxonalarida mehnat qiladigan tajribali texniklarni tayyorlash uchun iqtisodchi-loyihalovchi mutaxassislarni tayyorlovchi qisqa muddatli (sirtqi va kechki) kurslarni tashkil qilish rejalashtirilmoqda. 

28 dekabrda to‘qimachilik va tikish-trikotaj sanoatining jadal rivojlanishiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida qatnashgan KUN.UZ muxbirining xabar berishicha, tadbirda O‘zbekistonning 2017 yilga mo‘ljallangan Investitsion dasturi va 2017-2020 yillarda to‘qimachilik va tikish-trikotaj sanoatini yanada rivojlantirish Dasturi sohani yuksaltirish uchun dasturilamal bo‘lgani ta'kidlangan.

2017 yilda sohadagi korxonalarni modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta jihozlash hamda yangi quvvatlarni ishga tushirishga yo‘naltirilgan 34 ta investitsion loyiha amalga oshirildi. Mazkur loyihalarning umumiy qiymati 356,9 million dollarga teng bo‘lib, eksport salohiyati 151,7 million dollarni tashkil qildi. 

Shuningdek joriy yilda 1,16 milliard dollarlik mahsulot eksport qilinishi kutilayotgani qayd etildi. O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar dunyoning 50dan ziyod davlatiga yetkazib berilmoqda. Yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan mahsulotlar ulushi 40 foizdan ortiqni tashkil qildi. 2017 yil boshida yurtimizda 293 ta eksport qiluvchi korxona mavjud bo‘lgan bo‘lsa, yil yakunlariga ko‘ra, ularning umumiy soni 350 taga yetadi. Ayni vaqtda, dunyoning turli mamlakatlarida faoliyat yuritayotgan 64 ta savdo uyining sa'y-harakatlari sohaning eksport ko‘rsatkichlarini yanada oshirishga xizmat qilmoqda. 

O‘zbekiston to‘qimachilik va tikish-trikotaj sanoati korxonalari Assotsiatsiyasi yaqin istiqbolda O‘zbekiston Prezidentining 2017 yil 14 dekabrdagi PF-5285 sonli farmonini amalga oshirish bo‘yicha muayyan qadamlar qo‘yadi. Bu esa Uztextile yagona belgisi ostida to‘qimachilik va tikish-trikotaj sanoatining ishlab chiqarish va eksport salohiyatini bir necha baravar oshirishga imkon yaratadi. 

Top