20:40 / 31.12.2017
6829

Istanbulda yangi yil arafasida terakt uyushtirishga hozirlik ko‘rishda gumonlangan 20 kishi hibsga olindi

Turkiya hukumati 20 kishini, jumladan, 15 nafar xorijlik fuqaroni IShIDga aloqadorlik va Istanbulda terrorchilik akti sodir etishni rejalashtirganlikda gumonlab hibsga oldi, deb xabar beradi Anadolu agentligi.

Agentlikning xabariga ko‘ra, politsiyaning terrorchilikka qarshi kurashish bo‘linmasi Istanbulning uch tumanida reydlar o‘tkazgan. Ushlanganlar IShIDning Suriya va Iroqdagi yetakchilari bilan aloqador shaxslar bo‘lishgan. Politsiyaning fikricha, ushlanganlar Yangi yil bayrami nishonlanayotgan chog‘da shaharda qo‘poruvchilik harakatlarini amalga oshirishni mo‘ljallashayotgan bo‘lishgan.

IShID terrorchilari ishtirokida Suriya va Iroqdagi harbiy mojarolar boshlanganidan buyon Turkiya huquq-tartibot organlari ushbu tashkilotga aloqador besh mingdan ziyod gumonlanuvchini ushlashgan. Jahonning 95 davlatidan 3300 nafarga yaqin kishi deportatsiya qilingan. 38 ming kishiga Turkiyaga kirishga taqiq qo‘yilgan. Ayni paytda 780 kishi hibsda, ularning 350 nafari xorijliklardir. Ularning bir qismi terrorizmda ayblanmoqda.

Top