17:10 / 01.01.2018
7936

2017 yili 56 000 kishi Hindiston IT-sohasida ishini yo‘qotdi

Foto: Reuters

2017 yil Hindiston IT-sohasi mutaxassislari uchun qo‘rqinchli tushdek bo‘ldi, deyish mumkin. Gap shundaki, 160 mlrd dollarga baholanayotgan sanoat 56 000 ish o‘rnini qisqartirishga majbur bo‘ldi. Tahlilchilarga ko‘ra, bunday ishdan bo‘shatishlar 2008 yilgi inqirozda ham kuzatilmagan.

Hindiston axborot texnologiyalari sohasi nafaqat oddiy ishchilar, balki o‘rta va yuqori lavozimli kadrlarni ham ishdan bo‘shatmoqda. Ular vazifalarning yangi darajasiga javob bera olmagan, deb yozmoqda Quartz nashri.

Hattoki, Hindistonning — Tata Consultancy Services (TCS) va Infosys kabi yirik kompaniyalari — o‘z xodimlarini qisqartirishga majbur bo‘ldi. Odatda, ular yiliga samarasiz ishlagan 1 foiz xodimini ishdan bo‘shatar edi. Ammo 2017 yili hind IT-kompaniyalari 2-6 foizgacha xodimlari bilan xayrlashishdi. Masalan, Infosys 2017 yil boshidayoq 9 000 kishini qisqartirgan edi. Cognizant avtomatlashtirish natijasida 6 000 kishini haydadi. O‘rta va yuqori mansabdorlar ham ayab o‘tirilmadi. 

«Raqamlashtirish va avtomatlashtirish tashkilotlarning xodimlarni tanlash usulini qayta ko‘rib chiqmoqda, ular mexanik vazifalarni bajara oladigan emas, balki iqtidorli nomzodlarni ishga olmoqda. Bu serraqobat sohada ishlab olishning yagona usulidir», — deya izoh bergan Incedo HR-xizmati rahbari Arun Paul.

Uzoq istiqbolda avtomatlashtirish tor doirada ixtisoslashgan mutaxassislar uchun yangi ish o‘rinlari barpo etadi. Ayniqsa, 2020 yilga kelib soha ma'lumotlarni tahlil qiluvchilarga ehtiyoj sezadi. 

Bugungi kunda Hindiston IT-sohasi mutaxassislarining atigi 5 foizi yuqori talablarga javob beradi. Bu esa jiddiy muammo bo‘lib, avtomatlashtirish jarayonida ular 40 foiz past malakali mutaxassislar o‘rnini egallashi talab etiladi. Oddiy ishlarni bajargan xodimlar, ya'ni 2020 yilda 700 000 kishi ish o‘rnidan mahrum bo‘ladi, deyiladi HfS Research tadqiqotida.

Bunday istiqbollar yosh IT-mutaxassislarini tushkunlikka, o‘z imkoniyatlarini jiddiy baholay olmaslikka sabab bo‘lmoqda hamda ularni ruhlantirmayapti. 

Top