14:20 / 01.01.2018
45008

Eronda nimalar ro‘y bermoqda?

28 dekabrda Eron shaharlaridan birida tuxum narxining keskin oshishiga qarshi boshlangan noroziliklar 29 dekabrda butun mamlakatga yoyilib, siyosiy tus oldi va 4 kundirki ommaviy namoyishlar davom etmoqda.

Eronda vaziyat qay ahvolda?

Foto: AP

Reuters’ga ko‘ra, mamlakat shimolidagi Mashhad shahrida ko‘chalarga chiqqan fuqarolar mamlakatdagi iqtisodiy vaziyatdan norozilik bildirishmoqda. Mamlakatda ishsizlik darajasi ortgan, inflyatsiya kuchaygan va ayrim mahsulotlar taqchilligi kuzatilmoqda.

Davlat nashrlari xabarlariga ko‘ra, mamlakatdagi 1200 dan ortiq aholi punktlarida norozilik aksiyalari qayd etilgan.

Mamlakatning Risht, Sheroz, Isfahon, Kirmonshoh va Hamadon shaharlarida yirik namoyishlar o‘tgani haqida ma'lumotlar berilgan. Mashhadda o‘tgan eng yirik namoyishda 52 kishi hibsga olingan.

Foto: AFP

Politsiya bunday aksiyalarga oldindan ruxsat olinmaganini ma'lum qilib, namoyishchilarni ogohlantirgan. Shuningdek, ommaviy ravishda hibsga olishlar ro‘y bergani aytilmoqda.

Hukumat ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarni blokladi

Mamlakatda ro‘y berayotgan ommaviy namoyishlar fonida fors hukumati Instagram ijtimoiy tarmog‘i va Telegram messenjerini blokladi.

«Eron hukumati tinch namoyishchilarning @sedaiemardom (Sadoi mardum) va boshqa kanallarini to‘sib qo‘yish borasidagi so‘rovini ochiq rad etganimizdan so‘ng eronliklarning aksariyat qismi uchun Telegram’ga ulanishni bloklamoqda», — deb yozgan Telegram asoschisi Pavel Durov Twitter’dagi o‘z sahifasida.

Eron hukumati bunday qarorga kelishiga sabab sifatida «mamlakatda tinchlikka erishish va fuqarolar xavfsizligini ta'minlash»ni ko‘rsatmoqda.

«Biz fuqarolardan noqonuniy aksiyalar uyushtirmaslikni so‘raymiz. Agar ular yig‘ilmoqchi bo‘lishsa, avval ariza bilan murojaat qilishlari kerak bo‘ladi», degan Eron IIV rahbari Abdulrizo Rahmon-Fazliy.

U ijtimoiy tarmoqlar orqali namoyishchilar bir-biri bilan aloqa qilayotganiga qarshi munosabat bildirgan.

Eron prezidenti Hasan Ruhoniy namoyishlarga chiqish eronliklarning konstitutsiyaviy huquqi ekanligini ta'kidlab o‘tdi. Press TV telekanaliga ko‘ra, u «tanqidni zo‘ravonlikdan farqlash» lozimligiga e'tibor qaratgan:

Foto: Eron prezidenti Hasan Ruhoniy. Stephanie Keith / Reuters

«Namoyishlar, tanqid qilish — odamlarning konstitutsiyaviy huquqidir... Lekin tanqid davlatga zarar keltiruvchi zo‘ravonlikdan farq qilishi kerak», deya prezident so‘zlarini keltirgan telekanal.

Namoyishlarga sabab nima bo‘ldi?

Eron — Yaqin Sharq mintaqasining yetakchilaridan biri, uning shialar yashaydigan qismi yalovbardori hisoblanadi. Eronning sharofati bilan Yamanda husiychilar, Hizbulloh, Asadning Suriyadagi rejimi, Iroqda Obodiy hukumati yashab kelmoqda. Tugab bo‘lgan yilda Eron o‘zining azaliy orzusi — O‘rta Yer dengizidan Fors ko‘rfaziga qadar shialar belbog‘i yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Ayni paytda Eron Livan, Suriya va Iroqning rasmiy hukumatlarini ham, bu mamlakatlarda ulkan miqdordagi jangarilardan iborat Hizbullohni ham, Iroqdagi shia lashkarlari, Suriyadagi bir qator harbiylashgan tuzilmalarni ham o‘z nazorati ostida ushlab turibdi. Eron shuningdek, ma'lumu mashhur HAMASning bosh homiysiga aylanib ulgurdi.

Bularning barchasi chiroyli va «geosiyosiy» eshitilsa-da, lekin sunniylar, Isroil va G‘arbga qarshi tugamas urushlar jiddiy iqtisodiy muammolarga giriftor qilmoqda, Suriyada esa Islom inqilobi soqchilari korpusi — IISK safida tobora ko‘proq yosh eronliklar nobud bo‘lishmoqda.

Eronning ichki muammolari butun bir majmuaga aylanib ulgurgan, bo‘lib o‘tayotgan voqealar esa Eron muxolifati shuncha tozalashlar va «madaniy inqiloblar»ga qaramasdan, o‘z siyosiy salohiyatini yo‘qotmasdan «yangi nafas»ga ega bo‘lganini isbotlamoqda. Garchi norozilik bildirayotganlar juda ko‘p bo‘lib, ularning barchasi ko‘chalarga turli sabablar bilan chiqishgan esa-da, aksiyalarning umumiy mohiyati qat'iy ravishda aksilhukumat ko‘rinishiga ega, ijtimoiy tarmoqlarda «Xomanaiy (EIRning hozirgi oliy rahbari) ga o‘lim!», «Hizbullohga o‘lim» kabi shiorlar yangramoqda. Odamlar hukumatdan xorijdagi nayranglardan voz kechib, ichki muammolar bilan shug‘ullanishni talab qilishmoqda.

Foto: Eronning bugungi kundagi oliy rahbari oyatulloh Xomanaiy. Indianexperss.com

Namoyishchilar nima istashmoqda o‘zi?

Eron o‘zining boy va qadimiy madaniyati, islomgacha bo‘lgan davrdagi unikal osori atiqalari, XX asrda esa shiddatli, turli-tuman siyosiy hayoti bilan mashhur. Eronda 1979 yilda bo‘lib o‘tgan Islom inqilobi amaldagi monarxiya — Pahlaviylar sulolasiga qarshi qaratilgan edi. Sulola SAVAK (Sozmoni ittiloat va Amniyati Kishvar — Mamlakat axborot va xavfsizlik xizmati) nomli maxfiy politsiya yordamida, AQSh va Isroilga tayangan holda o‘z hokimiyatini qat'iy himoya qilgan.

Lekin hokimiyat tepasiga oyatulloh Xumayniy boshchiligidagi shia diniy arboblarining kelishini ta'minlagan inqilobning antiavtoritar xarakteriga qaramasdan, ular mamlakatda har qanday siyosiy raqobatga qarshi keskin kurash olib borishdi. Hattoki bir paytlar ularning ittifoqchilari bo‘lgan, bir necha davlat arboblarining yostig‘ini quritgan — Eron xalqi mujohidlari tashkiloti (SMXI — sozmoni mujohidini xalqi Iron) ham yakson qilindi. Natijada turli tuman muxolifatlar — milliy-sotsialistlardan tortib SMXIgacha berkinishga majbur bo‘lishdi, ularning tarafdorlari esa siyosiy qarashlari haqida lom-mim demay qo‘yishdi. Oyatullohlar diktaturasi ostida Eron islomiy kiyinmaganlik uchun ayollar hibsga olinadigan davlatga aylandi.

Foto: 1979 yilda dunyoviy davlat bo‘lgan Eron Xumayniy boshchiligida islom respublikasiga aylangan. NPR

Namoyishchilar Eronning tashqi siyosatdagi harakatlari, xususan, Suriya, Yaman, Iroq va Livandagi voqealarga aralashayotganidan ham norozilik bildirishmoqda. «G‘azo ham, Livan ham emas, Eron mening hayotim», deya hayqirmoqda eronliklar. Ko‘plab eronliklar ko‘p yillardan beri hukumat pullarni geosiyosiy o‘yinlarga sarflayotganidan, Yaman, Suriya va Iroqdagi ixtiloflarga aralashayotganidan, shia oqimidagi islomni targ‘ib qilayotganidan norozilik bildirib kelishadi.

Namoyishchilar nimalarga erishishdi?

Namoyishlar to‘rtinchi kundirki, davom etmoqda, Do‘rudda politsiya namoyishchilarga qarata o‘t ochishga ham ulgurgan, Bandar Abbosda olomon harbiy binolarga hujum qilishmoqda. Politsiya xalqqa (hozircha) yorug‘lik va shovqinli granatalar otmoqda, Farah Pahlaviy (so‘nggi shohning rafiqasi) siymosidagi qochqin fors aristokratiyasi qirollik tvitteridan namoyishchilarni qo‘llab turibdi, bir necha shaharlarda esa olomonga basijlarni qo‘yib yuborishdi. Basijlar — oyatulloh Xomanaiyga bo‘ysunuvchi maxsus otryad bo‘lib, xulq va siyosiy kayfiyat ustidan nazorat o‘rnatishadi.

Foto: Eronning IISK askarlari. vistanews.ru

Bir muddat kuch ishlatar tizimlar poytaxt Tehronda vaziyatni qo‘ldan boy berishgani aytib o‘tilgan edi, lekin u yerda tartib o‘rnatilgan ko‘rinadi. Biroq bir necha shaharda namoyishlar shu darajaga chiqqanki, hattoki IISK askarlarini kiritishga ham botinisholmayapti. Garchi bu harakat uchun jazo sifatida o‘lim belgilangan bo‘lsa-da, butun Eron bo‘ylab oyatulloh Xomanaiyning bilbordlari va portretlari yiqitilmoqda. IISK allaqachon namoyishchilarni temir musht bilan qarshi olishini ma'lum qilib bo‘ldi. Ular hazillashayotgani yo‘q, chunonchi bugungacha namoyishlarda ikki kishi otib o‘ldirilgan.

Eron hukumatining ma'lum qilishicha namoyishlar vaqtida ikki kishi halok bo‘lishida huquq-tartibot organlari emas, «xorijlik josuslar» aybdor.

«Politsiya va xavfsizlik xizmati kuchlari o‘t ochgani yo‘q. Biz bu ishda inqilob dushmanlari qo‘li borligini ko‘rdik. Namoyishchilarning o‘limiga xorijlik josuslar aybdordir», — deya ma'lum qilgan Luriston viloyati gubernatorining xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Habibulloh Xo‘jastehpur.

Mavzu
Eronda g‘alayonlar to‘lqini

29 dekabr kuni Eronning turli shaharlarida inflatsiya, rahbariyat va katta xarajatlar talab qilayotgan tashqi siyosatga qarshi namoyishlar to‘lqini boshlandi.

Barchasi
Top