16:50 / 01.01.2018
11430

«Lester» mojaroli transferni hal qildi

«Lester Siti» portugaliyalik yarim himoyachisi Adriyen Silvani qaydnomadan o‘tkazdi. Bu futbolchi transferi bo‘yicha Lissabonning «Sporting» klubi bilan yozdayoq kelishuvga erishilgan, ammo inglizlar uni transfer qilishga ulgurishmagandi.

«Lester» 28 yoshli bu havbek uchun yozgi transferlarning so‘nggi kunida 22 million funt to‘lagandi, ammo «tulkilar» rahbariyati Silvani qaydnomadan o‘tkazishga 14 soniya kechikkandi.

Xalqaro futbol federatsiyasi esa bu vaqt tufayli uning transfer hujjatlarini qabul qilmagan. Keyinroq «Lester» apellyatsiya bilan murojaat qildi, ammo rad javobi berildi. Noyabr oyida Sport arbitraj sudi futbolchini inglizlar klubiga vaqtincha qayd etishni ham istamadi.

Faqatgina bugun, yanvar oyining birinchi kunida qishki transferlar darichasi ochilishi bilan «Lester» zarur hujjatlarni topshirdi va hujjatlar qabul qilindi.

FA qoidalariga ko‘ra futbolchi qaydnomadan o‘tkazilgan kuniyoq yangi jamoasi uchun o‘ynashi mumkin emas, shu tufayli Silva «Lester»ning bugun Angliya Premer-ligasi 22-turi doirasida «Haddersfild Taun»ga qarshi uchrashuvida ishtirok eta olmaydi.

Sky Sports ma'lumotiga ko‘ra, portugaliyalik futbolchi Angliya Kubogi doirasida 6 yanvar kuni «Flitvud Taun»ga qarshi kechadigan uchrashuvda debyut qiladi.

Mavzuga oid
Top