16:55 / 02.01.2018
35324

Qonunga xilof taklif 

Illyustrativ surat. Foto: KUN.UZ

O‘zbekistonda bozor munosabatlarini chuqurlashtirish, iqtisodiyotni, shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyatni yanada liberallashtirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, ushbu soha vakillari uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, ular o‘rtasida sog‘lom raqobatni kuchaytirish borasida diqqatga molik islohotlar amalga oshirilmoqda. Tabiiyki, tadbirkorlar ana shunday e'tibor va g‘amxo‘rliklarga javoban turli yo‘nalishlarda samarali faoliyat yuritmoqdalar, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Ammo ayrim kimsalar borki, ular berilayotgan imkoniyat-imtiyozlar va yaratilayotgan shart-sharoitlardan unumli foydalanib, o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish o‘rniga, mo‘may daromad ilinjida amaldagi qonunlarni mensimasdan, tovar-moddiy boyliklarni bojxona nazoratidan yashirincha olib o‘tishga urinyaptilar. Bekobodlik Shahnoza Nurullayeva (ism-familiyasi o‘zgartirilgan) shaxsini aniqlashning imkoni bo‘lmagan tojikistonlik Elyor ismli shaxs bilan tanishib qoladi. Elyor unga “biznes” qilishni taklif etadi. Ya'ni, Bekobod shahrida joylashgan “Farhod” chegara postidan O‘zbekiston hududiga noqonuniy yo‘l bilan mahsulot olib o‘tib bersa, xizmat haqini berishini aytadi. Noqonuniy bo‘lsa-da, pulning daragini eshitgan Sh.Nurullayeva uning taklifiga rozi bo‘ladi.

Elyorning topshiriqlariga asosan Shahnoza o‘zining yashash manziliga bojxona postidan to‘siqsiz o‘tib-qaytish imtiyozlaridan foydalangan holda, turli kiyim-kechak mahsulotlarini bojxona qonun hujjatlarini buzib, bir necha bor olib o‘tib keladi. Mahsulotlarni O‘zbekiston hududiga o‘tkazib, tanishlarining xonadoniga yashirib qo‘yadi.

Ko‘za kunda emas, kunida sinadi, deb bejizga aytishmagan. SVOJJDLQK departamentining Bekobod shahar bo‘limi xodimlari hamda huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari tomonidan hududda olib borilgan tezkor tadbirda Sh.Nurullayevaning qing‘ir faoliyatiga chek qo‘yildi. Mahsulotlar saqlanayotgan xonadon ko‘zdan kechirilganida, to‘rt turdagi, hech qanday hujjatlarsiz, umumiy bahosi 203 mln. 405 ming so‘mlik kiyim-kechak mahsulotlari borligi ma'lum bo‘ldi va ashyoviy dalil tariqasida olinib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi.

Davlat tomonidan berilgan imtiyozlarni suiiste'mol qilib, nafsining quliga aylangan Sh.Nurullayevaga sud tomonidan qonuniy jazo tayinlandi.

Top