19:40 / 02.01.2018
15087

Tramp Erondagi namoyishlarni qo‘llashda davom etmoqda

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp ma'lum qildiki, bir necha kundan buyon ommaviy namoyishlar o‘tkazayotgan Eron xalqi nihoyat «beshafqat va buzuqi» hokimiyatga qarshi turmoqda.

«Eron xalqi va nihoyat shafqatsiz va buzilgan rejimga qarshi choralar ko‘rmoqda», deya yozdi Oq uy rahbari tvitterdagi sahifasida.

U shuningdek, «Prezident Barak Obama ma'muriyati davrida Eronga berilgan barcha pullar terrorizmni qo‘llash uchun sarflangani»ni qayd etib o‘tgan.

«Odamlarda ovqat yo‘q, katta inflyatsiya yuzaga kelgan, odamlarning huquqlari toptalgan. AQSh barchasini kuzatib bormoqda!», deya yozgan prezident.

Eronda hukumatga qarshi namoyishlar 28 dekabr kuni mamlakatdagi eng yirik shaharlardan biri Mashhadda boshlangandi. 200 nafar kishidan iborat aksiya ishtirokchilari tuxum narxlari keskin ko‘tarilishidan norozilik bildirishgandi. Politsiya aksiya ishtirokchilarining 52 nafarini hibsga olgach, 29 dekabr kuni mamlakatning boshqa yirik shaharlarida ham namoyishlar to‘lqini ko‘tarildi.

O‘tgan vaqt davomida politsiya bilan bo‘lib o‘tgan to‘qnashuvlar davomida kamida 20 kishi halok bo‘ldi, hukumat 450 nafardan ortiq namoyishchini qo‘lga oldi. Hukumat qo‘lga olinganlarni qattiq jazo kutayotganini ma'lum qildi.

Dushanba kuni Islom inqilobi soqchilari korpusi rasmiy vakili ma'lum qildiki, politsiya va xavfsizlik kuchlari ko‘p joylarda vaziyatni qo‘lga olgan. 

Milliy xavfsizlik bo‘yicha oliy kengash kotibi Ali Shamxoniy mamlakatdagi norozilik aksiyalari Tehron bilan qator davlatlar olib borayotgan «bevosita urush» doirasida bo‘lib o‘tayotgani haqida ma'lum qildi. U Erondagi norozilik namoyishlari ortida AQSh, Buyuk Britaniya va Saudiya Arabistoni turganini ta'kidlab o‘tdi. 

Mavzu
Eronda g‘alayonlar to‘lqini

29 dekabr kuni Eronning turli shaharlarida inflatsiya, rahbariyat va katta xarajatlar talab qilayotgan tashqi siyosatga qarshi namoyishlar to‘lqini boshlandi.

Barchasi
Mavzuga oid
Top