15:30 / 04.01.2018
21335

Donald Tramp vs Kim Chen In. «Qizil tugma» haqidagi afsona

Foto: Today

Professional nuqtai nazardan, Kim Chen In va Donald Trampning o‘z “yadroviy tugmalari” kattaligi hamda samaradorligi bo‘yicha maqtanchoqligi butunlay bema'nilikdir. Yadro urushini boshlash uchun ancha ko‘proq harakatlarni amalga oshirish lozim, deya ishonch bildirdi Germaniyaning Sueddeutsche Zeitung gazetasi sharhlovchisi Shtefan Kornelius.

Ijtimoiy OAV va xabarlarda Donald Tramp hamda Kim Chen In o‘rtasidagi “xushmuomalalik har ikki yetakchining kutilmagan harakatlarga” moyilligidan yana bir bor darak berdi, deb yozmoqda SZ. Texnik nuqtai nazardan, “yadro tugmachalari” bilan vaziyatda gap yolg‘on tasavvurlar haqida ketmoqda. “Bor bo‘lgan ma'lumotlarga ko‘ra, Trampda ham, Kimda ham bosilishi bilan yadro urushini keltirib chiqaruvchi o‘sha rasmiy tugmacha yo‘qdir”.

“Ikki “aqlli inson” o‘rtasida ritorik, quruq zarbalar bilan almashish chorshanba kuni ertalab o‘zining eng yuksak cho‘qqisiga yetdi – Tramp uning yadro tugmasi “ancha kattaroq va buning ustiga ishlashi” haqida ma'lum qildi”, - deya xabar beradi nashr.

Shu tariqa Qo‘shma Shtatlar prezidenti shimoliy koreyalik diktatorning yangi yil murojaatiga munosabat bildirdi. KXDR yetakchisi yadro tugmasi uning ish stolida joylashgani, Shimoliy Koreya esa Amerika hududiga yadro zarbasi berishga qodir ekanini ma'lum qildi.

“Hattoki navbatdagi og‘zaki zarbalar ham butun dunyoda vahima uyg‘otgan bo‘lsa-da, Tramp va Kim yolg‘on gapirmoqda. AQSh prezidenti, albatta, yadro urushini boshlash uchun barcha kerakli vakolatlarga ega. Biroq, u buning uchun o‘zining stolidagi qandaydir tugmani bosib o‘tirmaydi”, - deya ta'kidlaydi muallif. 

“Sovuq urush haqidagi filmlarda har doim “qizil tugma” yoki “yadro tugmasi” tilga olinadi. Biroq Amerika yadroviy salohiyatini jangovar shaylikka keltirish bo‘yicha haqiqiy jarayon ko‘p pog‘onali hamda avtomatlashtirilgan emas. Buyruq og‘zaki beriladi, tugmaga bosish orqali emas. Buning uchun prezident, - deb yozadi jurnalist, - oliy bosh qo‘mondon sifatida, kodli karta yordamida mudofaa vaziri yoki oliy zobitlik tarkibining vakolatli vakili hamrohligida identifikatsiyadan o‘tishi lozim. Shundan so‘ng, jarayonga ko‘ra, u start uchun kodni taqdim etishi kerak, kod qo‘mondonlik punktida qabul qilib olinadi. Prezidentning buyrug‘i bajarilmasligi ham mumkin. Trampda yadro raketalarining uchirish qurilmalarini bevosita boshqarish imkoniyati yo‘q, AQShda esa qariyb 900 ta jangovar kallak bor”. Trampda ish stolida hech qanday tugma yo‘qdir, deya qayd etadi Kornelius. “Aftidan, gap kodlar va qo‘llanmalar haqida bormoqda, aynan shular Amerika prezidentining qo‘li ostida turadi hamda chamadonda saqlanadi”.

Shimoliy Koreyaga keladigan bo‘lsak, “mamlakatda raketalar uchun mos, uzoq masofalarga uchishi mumkin bo‘lgan jangovar kallak bormi yoki yo‘qmi, bu boshqa masala, biroq Kimda ham shunchaki tugmani bosish orqali undan foydalanish imkoniyati yo‘q. Shimoliy Koreyaning bu turdagi raketalariga suyuq yoqilg‘i quyiladi – ularni tayyorlashga soatlar ketadi”, deyiladi maqolada.

“Ekspertlar Kimning “yadro tugmachasi” bo‘yicha yangi yil bayonotini provokatsiya va o‘ziga e'tibor tortishga bo‘lgan navbatdagi urinish, deya baholashdi. Biroq prezident Trampga bu ta'sir ko‘rsatgani aniq”, - deya xulosa qiladi muallif.

Mavzuga oid
Top