23:20 / 04.01.2018
36059

Eron mamlakatdagi tartibsizliklar kim tomondan uyushtirilganini ma'lum qildi  

Foto: AP

Eron bosh prokurori Muhammad Jafar Mo‘ntazariy AQSh, Isroil va Saudiya Arabistonini Eronda tartibsizliklar uyushtirishda til biriktirganlikda aybladi. Bu haqda IRNA axborot agentligi xabar bermoqda. 

Mo‘ntazariyning aytishicha, Eronda bir necha kun davom etgan norozilik namoyishlari rejasining bosh loyihachisi va bu tartibsizliklarni amalga oshirgan guruh tashkilotchisi avval Markaziy razvedka boshqarmasining terrorchilikka qarshi kurash bo‘limini boshqargan Maykl D'Andrea bo‘lgan.

“Eronda tartibsizliklarni amalga oshirish uchun maxsus guruh tuzilgan, uning tarkibiga AQSh, Isroil va Saudiya Arabistoni kirgan. Guruhga Isroilning “Mossad” razvedka xizmati bilan bog‘langan zobitlardan biri Maykl D'Andrea boshchilik qilgan. Barcha xarajatlarni Saudiya Arabistoni qoplagan”, deb ma'lum qildi Mo‘ntazariy.

Uning ta'kidlashicha, tartibsizliklarni amalga oshirish rejasini tuzish uchun ma'lumotlar bir necha yillar davomida to‘plangan. Bosh prokurorning aytishicha, rejani tuzishda shuningdek “Eron xalqi mujohidlari tashkiloti” guruhi, monarx tuzumning izdoshlari, millatchilar va kommunistik yo‘nalish bilan bog‘liq bir necha guruh ishtirok etgan.  

Mo‘ntazariyning ta'kidlashicha, Iroqning Irbil shahrida va Afg‘onistonda ikkita operatsion bo‘lim tashkil etilgan. Bu bo‘limlarning maqsadi norozilik namoyishlariga IShID a'zolarini jalb qilish bo‘lgan.

2017 yil iyunda New York Times nashri MRBning Eron yo‘nalishini “Qora shahzoda” yoki “Oyatulloh Mayk” laqablari bilan ma'lum bo‘lgan Maykl D'Andrea boshqarishini ma'lum qilgan. U avval “Al-Qoida” yetakchisi Usoma bin Lodinni qidirish operatsiyasiga boshchilik qilgan. 

Eronning Tehron, Mashhad, Isfaxon va Resht shaharlarida 28 dekabrda ommaviy norozilik namoyishlari boshlangandi. Eron prezidenti Hasan Ruhoniy noroziliklar ichki muammolar va boshqa davlatlarning undovi bilan yuz berayotganini aytgandi.   

3 yanvarda esa Erondagi tartibsizliklar yakunlangani ma'lum qilingan. 

Top