20:05 / 05.01.2018
12801

Xayriya aksiyasi mablag‘lariga bemor bolalar uchun dori xarid qilindi

Foto: Kun.uz

Bir manzil bor, unda hayotga umid bilan boqqan ko‘zlar yuzlab. Mitti jussasida katta dard bilan kurashish bitilgan taqdirlar ko‘plab. Ularning har biriga malham bo‘lgimiz, dardiga davo izlagimiz keladi. Bolaligining baxtli onlarini qaytarishda o‘z hissamizni qo‘shishga oshiqamiz. Bu joy Toshkent Gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish instituti. Bolajonlarning shifo topishida ezgu maqsadga sobit kelganmiz.
 
KUN.UZ’da e'lon qilingan  “Hali u bir yigit bo‘lsin, qadamidan chaqmoq chaqnagan...”: saxovatpesha insonlar ko‘magiga muhtoj bolajon” sarlavhali maqola esingizda bo‘lsa kerak. U oqqon kasalligidan aziyat chekkan 14 yoshli Jahongir ismli bolaning davolanishi uchun xayriyaga qaratilgandi. Afsuski, ushbu aksiyadan yig‘ilgan mablag‘lar Jahongirga nasib etmadi...

To‘plangan mablag‘ga Toshkent Gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish institutida davolanayotgan bolalar uchun zarur dori-darmonlar xarid qilindi va muhtoj oila farzandlariga tarqatildi. 

Foto: Kun.uz

Bu dunyoning asaldan totli, suvdan-da pok ne'mati farzand. Shukurki, yaxshiyam ular bor! Bag‘rimiz butun, uyimiz to‘la. Ularning xarxashasidan taskin topamiz. Aka-ukasi, opa-singillari safini to‘ldirib  yurganidan quvonamiz. Shu qorako‘zlarning jigarlari bag‘riga salomat qaytishini istaymiz. Barcha bemorlarga Alloh shifoi komil bersin!

Xayriya aksiyasiga o‘z hissalarini qo‘shgan yurtdoshlarimizga minnatdorlik bildiramiz. Ularning hech biri, yaqinlari, “ko‘z qorachig‘”lari dard ko‘rmasin!

Youtube'da ko‘rish

Mover.uz'da ko‘rish

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Top