14:40 / 05.01.2018
44444

Ronalduga 300 million yevro taklif etilmoqda

Foto: Marca

«Real» hujumchisi Krishtianu Ronaldu «PSJ»ga o‘tishi mumkin.

El Confidencial nashri tarqatgan xabarga ko‘ra, parijliklar klubi Ronalduni transfer qilishda moliyaviy fair play qoidalariga zid bormaslik uchun bir qator futbolchilarini sotmoqchi. Klubni tark etishi mumkin bo‘lganlar qatorida Xaver Pastore, Anxel Di Mariya, Lukas Moura, Yulian Draksler va Marko Verratti nomlari bor. Frantsuzlar shuningdek, ayni vaqtda «Valensiya»da ijara asosida to‘p surayotgan Gonsalu Guedesh transferidan 30 million yevro ishlashni mo‘ljallashgan.

«PSJ» portugaliyalik futbolchini Madrid klubidan sotib olib, unga 5 yillik shartnoma taklif qilmoqchi. Bu shartnomaga ko‘ra futbolchi 5 yilda 300 million yevro ishlab olishi mumkin bo‘ladi.

O‘tgan oyda portugaliyalik futbolchi «Real»ni tark etishni istayotgani haqida xabarlar tarqalgandi. Bunga OAVda klub prezidenti Florentino Peres «PSJ»dan Neymarni Ronalduga o‘rinbosar sifatida sotib olishni istayotgani haqidagi berilgan xabarlar sabab bo‘ldi. Natijada, Ronaldu o‘zi uchun mavjud 3 taklifdan birini tanlamoqchi ekani aytildi.

Frantsuzlar ushbu futbolchi transferi uchun Edinson Kavanini «Real»ga taklif etmoqchi.

«PSJ» rahbariyatidagilarning fikricha, Ronaldu – Neymar – Mbappe uchligi eng kuchli uchlikka aylanadi, qolaversa, portugaliyalik futbolchining nufuzi klubga katta miqdordagi mablag‘larni keltiradi. Uning kelishi Qatar Turizm vazirligi, QNB banki, Ooredoo telekompaniyasi va boshqa homiylar tomonidan ma'qullanmoqda.

Bundan avvalroq, ayni vaqtda 32 yoshda bo‘lgan Ronaldu «Real» rahbariyatidan o‘zini 100 million yevroga sotib yuborishni so‘ragani haqida xabarlar berilgandi.

Top