15:27 / 06.01.2018
31483

Savdoga chek qo‘yildi

Mamlakatda milliy valyuta maqomini mustahkamlash, naqd xorijiy valyuta muomalasini tartibga solish, uni ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshirish mexanizmini takomillashtirish maqsadida bir qator hujjatlar qabul qilingan. Bu normativ-huquqiy hujjatlarni chetlab o‘tganlar esa javobgarlikka tortiladi, deb yozmoqda “Huquq” gazetasi.

Afsuski, ushbu qonunosti hujjatlari talablarini bilgan holda, ularni chetlab o‘tib, yengil pul topishning boshini tutgan shaxslar hamon oramizda uchramoqda. Bunga O‘lmas Omonov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) va Dilshod Eshniyozovni misol tariqasida keltirish mumkin.

Bu shaxslar qonunga xilof ravishda chet el valyuta qimmatliklari oldi-sotdisi bilan shug‘ullanib kelishgan ekan. SVOJJDLQK departamentining Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi xodimlari tomonidan To‘rtko‘l tumanidagi savdo kompleksida o‘tkazilgan tadbirda chet el valyutasini noqonuniy ravishda olib sotayotgan ushbu kimsalarning faoliyatiga chek qo‘yildi. Jumladan, O‘.Omonov 160 AQSh dollarini, D.Eshniyozov esa 100 AQSh dollari, 1 ming Rossiya rublini sotayotgan paytda qo‘lga tushdi. Ulardan yana bir qancha chet el valyutasi va 2 mln 700 ming so‘m pul ashyoviy dalil tariqasida olib qo‘yildi.

Sud hukmiga ko‘ra, O‘.Omonov va D.Eshniyozovga jarima jazosi tayinlandi.

Top