09:59 / 07.01.2018
23225

Kim Chen In Janubiy Koreya bilan munosabatlarni yaxshilashga ko‘rsatma berdi

Foto: KCNA / Reuters

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning aytishicha, uning davlati Janubiy Koreya bilan birlashishda ilgarilashga imkon beruvchi siyosatni yuritishi lozim. Uning fikricha, Shimol va Janub “o‘tmishni kovlashtirmay”, birlashishi lozim.  

Shu munosabat bilan Kim Chen In Janubiy Koreya bilan munosabatlarni yaxshilash uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishga ko‘rsatma berdi. Bu haqda Koreya markaziy telegraf agentligi ma'lum qildi. 

“Davlatimiz Janubiy Koreya bilan birlashishda ilgarilashni amalga oshirishga imkon beruvchi siyosatni qat'iyatlik bilan yuritishi kerak. O‘tmishni kovlashtirmaslik va Seul bilan munosabatlarni eslamaslik darkor. Buning o‘rniga Shimol va Janub o‘rtasidagi aloqani yaxshilash lozim. Koreya yarimorolida keskinlikni avj oldirishni to‘xtatish uchun koreys xalqi sa'y-harakatlarini birlashtirish vaqti keldi. Gap millatni yarashtirish va uning ko‘ngilli tarzda birlashishi haqida ketmoqda”, deyilgan xabarda.

Shimoliy Koreya yetakchisining aytishicha, Shimol va Janub o‘rtasida aloqalar va hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashga turli nomaqbul bahonalar, huquqiy va siyosiy vajlar to‘sqinlik qilmoqda.

Kim Chen In yangi yil tabrigida Shimoliy Koreyaning Pxyonchangdagi Olimpiadada ishtirok etishi va bu borada muzokaralar o‘tkazishga tayyorligi istagani bildirgan. U shu bilan birga Pxenyan milliy yadroviy kuchlardan voz kechmasligini aytgan. Olimpiya o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi Shimoliy Koreyadagi portga u yerdan mingga yaqin shimoliy koreyalik sportchilarni olib kelish uchun kruiz kemasini jo‘natishga tayyorligini ma'lum qilgan. 

Keyinroq Janubiy Koreya umumiy chegarada joylashgan Pxanmunjomda muzokaralar o‘tkazishni taklif qilgan. Shimoliy Koreya 5 yanvarda Seulning taklifini qabul qilganini ma'lum qilgan. Muzokaralar 9 yanvarda Pxanmunjomda o‘tishi kerak. Tomonlar Shimoliy Koreya terma jamoasining Olimpiadada ishtirok etishini va yarimoroldagi vaziyatni muhokama qilishmoqchi.  

Mavzuga oid
Top