15:25 / 09.01.2018
51991

Nafsiga qul inspektorlar yoxud fohishaxonaga aylangan ta'lim muassasasi

Ta'lim muassasasi ziyo tarqatuvchi maskan. Bu yerda farzandlarimiz qalbiga, ongi-shuuriga faqat yaxshi xislatlar singdiriladi. Ta'lim beriladi, katta hayotga uchirma qilinadi. Afsuski, mana shunday pok joyni fohishaxonaga aylantirayotgan, buning uchun sharoit yaratib berayotgan, eng achinarlisi, shu razillikni ko‘ra turib unga ko‘z yumayotganlar ham uchrab turibdi, deb yozadi “Postda” gazetasi.

2016 yilning oktabr oyi. Chamasi kechki to‘qqizlar. Chortoq tumanidagi Koroskon iqtisodiyot kolleji oldiga “Damas” avtomashinasi kelib to‘xtadi. Undan besh kishi tushib, to‘g‘ri kollej darvozasi oldiga bordi. Bu vaqtda qorovulxonadan bir kishi chiqib, ularni qarshi oldi.

- Aka, buyog‘i endi kelishganimizdek..., - tashrif buyurganlar orasidan bir yigit shunday degancha qorovulga yuzlandi.

- Bo‘pti, tez ichkariga kiringlar. Tag‘in bitta-yarimta ko‘rib qolmasin, - dedi qorovul ularga darvozani ochib.

“Mehmonlar” shoshilgancha o‘zlarini ichkariga urishdi. Qorovul ularni to‘g‘ri o‘z ish joyi – qorovulxonaga boshlab bordi. Birpasda olib kelingan yegulik va ichimliklar o‘rtaga qo‘yildi. Uch yigit va ikki nafar ayoldan iborat jamoa shakarguftorlikni boshlab yubordi. Oradan 15-20 daqiqalar o‘tgach, ulardan bir yigit va ayol davradan chiqib, ikkinchi qavatga, kollej kutubxonasi joylashgan xonaga ko‘tarildi. Qolganlar bazmni davom ettirdi. Ular xufyona uchrashuvimizni hech kim bilmadi, deb o‘ylashgandi. Lekin buzuqilarning xatti-harakatidan, ularning nima ish bilan mashg‘ulligidan kollejga uncha uzoq bo‘lmagan ichki ishlar organi tayanch punkti profilaktika inspektori Shuhratjon Ismatullayev allaqachon xabar topgandi. Profilaktika inspektori tuman IIBdan chaqirilgan tungi guruh tarkibida kollejga kirib bordi. Uch yigit va ikki yosh ayolni sharmandali holatda qo‘lga tushirishdi.

Profilaktika inspektori ularni ichki ishlar organi tayanch punktiga olib borib, holat yuzasidan barchasidan tushuntirish xati yozib berishni talab qildi.

- Shunaqayam tubanlikka borasanlarmi? Bolalar, farzandlaring ta'lim oladigan, o‘qiydigan joyda shunaqa iflos ishlarni qilasanlarmi? – profilaktika inspektori ularga dashnom bera boshladi. – Hammangni qamash kerak. Nima noma'qulchilik qilgan bo‘lsalaring, barini qoldirmasdan yozinglar.

- Aka, iltimos, bizni kechiring. Sho‘xlik qilib qo‘ydik-da, sharmanda bo‘lmaylik, - yigitlardan biri Sanjar Qoraboyev (ism-shariflar o‘zgartirildi) profilaktika inspektoriga yalindi.

- Buni avvalroq, kutubxonada buzuqilik qilmasdan oldinroq o‘ylash kerak edi.

Profilaktika inspektori ularning barchasidan tushuntirish xati yozdirib oldi. Keyin spirtli ichimlik iste'mol qilganini tasdiqlash uchun ularni tuman tez tibbiy yordam bo‘limiga olib bordi. Barchasidan tahlil olinib, ularning spirtli ichimlik ichgani tasdiqlandi.

- Ertaga soat to‘qqizda ichki ishlar organi tayanch punktida bo‘llaring. Yana men hammangni izlab, uyingga borib yurmayin. Manziling, telefon raqamlaring bor menda, - profilaktika inspektori Shuhratjon Ismatullayev shundan degancha ularning ketishlariga ruxsat berdi. Lekin nima uchundir holat yuzasidan tuman IIB navbatchilik qismiga xabar berish, rahbariyatni ogohlantirish, bayonnoma rasmiylashtirish uning xayolidan “ko‘tarildi”.

Ertasiga aytilgan vaqtda Sanjar Qoraboyev, Dilmurod Akbarov va Bekzod Inoyatov ichki ishlar organi tayanch punkti oldida paydo bo‘ldi. Biroz vaqt o‘tgach, profilaktika katta inspektori Ikrom Jo‘rayev va profilaktika inspektori Shuhratjon Ismatullayev ularni birma-bir chaqirdi. Profilaktika inspektorlari xonasiga birinchi bo‘lib Sanjar Qoraboyev kirdi. Yarim soatlardan keyin u xonadan chiqdi-da, sheriklariga bir qarab olib, lom-lim demasdan uyiga ravona bo‘ldi. Undan keyin navbat Dilmurodga keldi.

- Bu ham kechagi “xo‘roz”lardan birimi? – dedi profilaktika katta inspektori Ikrom Jo‘rayev hamkasbi Shuhratjon Ismatullayevga qarab. – Xo‘sh, seni nima qilamiz endi? Kechagi buzuqiliklaringni uydagilaringga aytdingmi yo o‘zimiz yetkazaylikmi?

- Yo‘q, aytmadim. Aka, iltimos, hech kim bilmay qo‘ya qolsin, - dedi Dilmurod yolvorib.

- Bu ishlaring uchun aniq qamalasanlar, bir guruh bo‘lib kollejning kutubxonasini fohishaxonaga aylantirgansanlar.

- Jon aka, yordam bering. Tavba qildim, yoshlik qilib shu ishga aralashib qoldim...

- Shunaqa de. Unda..., - profilaktika inspektori past ovozda sekin gapirdi. – Shu ishlarimni hech kim bilmasin desang, 500 ming so‘m berasan.

- Aka, menda buncha pul...

- Buzuqilik qilishga pulni topibsan-ku. Hoy, erkak bo‘l. Ayb qildingmi, erkak bo‘lib javob ber. Ana, sheriging Sanjar 100 dollar berib chiqib ketdi.

Dilmurod cho‘ntagini kovlab, bir pachka pulni chiqargancha stolga qo‘ydi:

- Aka, topganim shu...

- Bu kam. O‘sha kuni senlarni ushlashga borgan tungi guruhda besh kishi bo‘lgan. Barchasini rozi qilish kerak, - dedi Sh.Ismatullayev. – Bor, senga bir kun muhlat, qolganini ham olib kel. Bo‘lmasa, hujjatlar tergovga, sudga oshiriladi. Uylanganmisan?

- Ha...

- Unda oilang, uydagilaring oldida sharmandang chiqadi. Oxiri qamalib ham ketasan. Senga shu kerakmi?

Dilmuroddan keyin Bekzod Inoyatov ham ichki ishlar organi tayanch punktiga kirib chiqdi. Unga ham bir kun muhlat berildi.

Oradan bir kun o‘tdi. Dilmurod bilan Bekzodning uyali telefoniga profilaktika inspektori Sh.Ismatullayev qo‘ng‘iroq qilib, qolgan pulni olib kelib berishni, bo‘lmasa ishlari sudga oshirilishini aytib tahdid qila boshladi. Ular esa pulni topganlari zahoti olib borishlarini aytishdi. Lekin ikkalasi ham pul topa olmadi. Shundan keyin profilaktika inspektori ketma-ket qo‘ng‘iroq qila boshladi. Oxiri toqati toq bo‘lgan Dilmurod va Bekzod qo‘ng‘iroqqa javob bermay qo‘yishdi. Oradan ikki kun o‘tib, o‘sha kuni kutubxonada buzuqilik qilgan ayollardan biri Gulshoda Dilmurodga qo‘ng‘iroq qildi. Dilmurod hadiksiragancha telefonni qulog‘iga tutdi.

- Hoy Dilmurod, nega profilaktika inspektorining qo‘ng‘irog‘iga javob bermayapsan? U meni tinch qo‘ymayapti. So‘ragan pulini berib qutulmaysanlarmi? – dedi Gulshoda zaharxandalik bilan.

- Ataganimni berdim, boshqa pulim yo‘q unga beradigan.

- Yaxshilikcha unga so‘ragan pulini beringlar, shu ish yopdi-yopdi bo‘lib ketsin. Umida ikkimizni chaqirib, tinch qo‘ymayapti.

- Mayli. Pul izlab ko‘raylik...

Yana bir kun o‘tdi. Bu vaqtda profilaktika inspektori Dilmurod va Bekzodga tinimsiz qo‘ng‘iroq qildi. Ular bu gal ham qo‘ng‘iroqlarga javob berishmadi. Kutilmaganda Dilmurodning uyali telefoniga Gulshodadan SMS xabari keldi: “Agar hozirning o‘zida ichki ishlar organi tayanch punktiga kelmasang, uyingga borib yotib olaman. Xotining, ota-onangning oldida sharmandangni chiqaraman. Shuni xohlaysanmi?”

Bunday tahdid Bekzod Inoyatovga ham bo‘ldi. Ularning oldida ikkita yo‘l qolgandi: yo qayerdandir pul topib, uni profilaktika inspektoriga yetkazish yoki sharmanda bo‘lib, qilmishi uchun jazosini olish. Lekin ular boshqa uchinchi yo‘lni tanlashdi...

Ikkovi ichki ishlar organi tayanch punktiga kirib borishdi.

- Aka, topganimiz shu bo‘ldi. Hozircha shuni olib turing, - dedi Dilmurod 100 ming so‘m pulni stolga qo‘yarkan.

- Hey, senlar yaxshilikka ko‘nmaydiganga o‘xshaysanlar. Bir marta adashibdi, kechirib qo‘ya qolaylik, deb yaxshilik qilmoqchi bo‘ldik, o‘zlaringdan ketib qolyapsanlar, - dedi jahl bilan profilaktika katta inspektori Ikrom Jo‘rayev.

- Ikrom aka, pul topish qiyin bo‘lyapti.

- Quloqqa lag‘mon osaman deb o‘ylama, o‘zingni mana bunda ko‘rasan, - profilaktika inspektori shunday degancha barmoqlarini panjara qilib ko‘rsatdi. – Qolgani qachon bo‘ladi?

- Shu bugun kechqurun hal bo‘ladi. Bir kishi qarzga pul beraman degandi.

- Yana yo‘q bo‘lib ketsalaring, mendan yaxshilik kutmalaring. Bor, yo‘qollaring.

Shu kuni kechki payt Dilmurod yana ichki ishlar organi tayanch punkti binosi oldida paydo bo‘ldi. U va'da qilgan pulni olib kelgandi. Xonada faqat profilaktika katta inspektori Ikrom Jo‘rayev bor ekan. Dilmurod xonaga to‘g‘ri kirib borib, stolga pulni qo‘ydi.

- Bo‘lar ekan-ku, - dedi profilaktika katta inspektori pulni olarkan kulimsirab.

- Ikrom aka, endi gapingizda turib ishni yoping. Biz yozib bergan tushuntirish xatlarini, qolgan hujjatlarni qaytarib bering.

- Iye, buyruq beryapsanmi? – dedi Ikrom Jo‘rayev kulib. Keyin shoshib turganini aytib ketishga chog‘landi. – Bo‘ldi, xavotir olma. Hujjatlarni sudga yubormayman. Ertaga ishga doir hamma hujjatlarni yo‘q qilaman. Ko‘ngling joyiga tushdimi?

Ikkalasi xonadan chiqqach, Ikrom Jo‘rayev mashinasiga o‘tirib, avtomobillarga gaz quyish shoxobchasiga yo‘l oldi. Mashina shoxobchaga kirib to‘xtagan ham ediki, ortidan to‘rt kishi yetib kelib uni ashyoviy dalil – biroz oldin Dilmurod Akbarovdan olgan 200 ming so‘m pul bilan qo‘lga oldi. I.Jo‘rayev aybini tan olmay, pulni shunchaki Dilmurod Akbarovdan qarz sifatida olganini, 22 oktabr kuni kollejda bo‘lib o‘tgan voqealardan xabari yo‘qligini ta'kidladi. Ammo barcha ashyoviy dalillar va guvohlarning ko‘rsatmalaridan keyin u lom-mim deya olmadi.

I.Jo‘rayevning pora bilan qo‘lga tushganini profilaktika inspektori Shuhratjon Ismatullayev eshitdi-yu, halovati buzildi. Qanday chora ko‘rishni bilmay boshi qotdi. Axir, olti kun avval sodir etilgan huquqbuzarlik yuzasidan nega jinoyat ishi ochilmagan, tuman IIB navbatchilik qismida ro‘yxatga olinmagan deyishsa, rahbarlariga qanday javob beradi? O‘ylay-o‘ylay, nihoyat, buning chorasini topgandek bo‘ldi.

Shu kuni ertalab mahalla posboniga qo‘ng‘iroq qilib, tezda mahalla idorasiga yetib kelishni tayinladi. Shosha-pisha yetib kelgan posbonga:

- Nabijon, 22 oktabr kuni mahallamizda yashaydigan Dilmurod Akbarov va Bekzod Inoyatov janjal qilib, huquqbuzarlik sodir etishibdi. Hozir xabar topdim. Shunga ular aholining tinchligini buzgani yuzasidan chora ko‘rish maqsadida tuman IIB boshlig‘i nomiga ariza yozib bering, - dedi.

- Olti kun avvalgi huquqbuzarlik bo‘yicha endi ariza yozamizmi? Shunaqa qilsa bo‘ladimi?

- Siz yozavering, buyog‘ini o‘zim hal qilaman.

Bir amallab ariza yozdirib olgan Sh.Ismatullayev tezda tuman IIBga chopdi. Arizani kantselyariya va navbatchilik qismidagi kitoblarga 23 oktabr sanasi bilan ro‘yxatga olishga erishib, olti kun oldingi xatosini to‘g‘irlagan bo‘ldi. Lekin tergov jarayonida profilaktika katta inspektori I.Jo‘rayev va profilaktika inspektori Sh.Ismatullayevning barcha ayblarini o‘z isbotini topdi. Ular jinoyatni yashirgani yetmagandek, fuqarolardan tamagirlik yo‘li bilan olgani, ularni qonunbuzarlik sodir etishga undagani uchun qonun oldida javob berishdi.

Top