10:40 / 09.01.2018
16366

Trampning Al-Quds bo‘yicha qarori Isroilga qo‘l keldi

Foto: Jonathan Ernst/Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp Al-Qudsni Isroil poytaxti, deb tan olinishini e'lon qilgach, Tel-Aviv bosib olingan Falastin yerlarida turar joylar qurish sur'atini yanada tezlashtirgan, deb yozadi «Anadolu» agentligi.

Isroil parlamenti — Knesset Trampning qaroridan foydalanib, 2 yanvar kuni Al-Quds statusi haqidagi qonunni ma'qulladi, bu esa qadimiy shahar hududini bo‘lishni yanada murakkablashtiradi.

Endi Al-Quds hududini, jumladan uning sharqiy qismini bo‘lish uchun 120 o‘rinli Knessetning uchdan ikki qismi, ya'ni 80 nafar deputati roziligini olish kerak.

Trampning Al-Quds bo‘yicha qaroridan uch hafta o‘tib, Isroil qurilish va manzilgohlar vaziri Yoav Galant «Isroilning yagona va bo‘linmas poytaxti»da 300 mingta yangi uy qurilishi rejasi haqida e'lon qildi.

2018 yilning 1 yanvarida Binyamin Netanyahu yetakchilik qiladigan Isroilning «Lukud» partiyasi markaziy qo‘mitasi O‘rdun daryosining g‘arbiy sohillaridagi noqonuniy yahudiy manzilgohlarni Isroil hududiga qo‘shish haqida qonun loyihasini ma'qulladi.

Bundan ikki kun o‘tib, 3 yanvar kuni Knesset falastinliklar uchun o‘lim jazosi haqidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishdayoq qabul qildi. Ovoz berish avvalida bosh vazir Netanyahu hujjatni qo‘llab-quvvatlab, parlamentda chiqish qilgan.

«Shunday haddan oshilgan holatlar bo‘ladiki, insonlar mash'um jinoyatga qo‘l urishadi, buning uchun ular o‘lim jazosiga hukm qilinishi kerak», — degan Isroil bosh vaziri.

Tramp Al-Qudsni Isroil poytaxti deb e'lon qilgach, O‘rdun daryosining g‘arbiy sohili, Sharqiy Quds hamda G‘azo sektori va Isroil chegarasida 16 nafar falastinlik o‘ldirilgan, yuzdan ortiq kishi jarohatlangan.

Isroil xavfsizlik kuchlari 2017 yilda G‘azo sektori va O‘rdun daryosining bosib olingan g‘arbiy sohilida 6742 nafar falastinlikni hibsga olgan, deyiladi Falastin ozodlik tashkiloti, Falastin mahbuslari jamiyati va bir qator huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlarning qo‘shma bayonotida.

Falastin mahbuslari tashkiloti matbuot kotibi Fido Najodaning «Anadolu» agentligiga bildirishicha, Trampning Al-Quds bo‘yicha qaroridan so‘ng Sharqiy Quds va O‘rdun daryosining g‘arbiy sohilida bo‘lib o‘tgan norozilik aksiyalarida 170 nafar voyaga yetmagan bola ham qo‘lga olingan.

Isroil hukumati 1951 yildan buyon ilk bor o‘z turar joylaridan majburan, kuch ishlatish yo‘li bilan ko‘chirilgan falastinliklarning ko‘chmas mulklarini musodara qilishga urinib ko‘rishgan.

O‘rdun daryosining g‘arbiy sohilida Isroil hukumati tomonidan tashkil etilgan ilk manzilgoh Kafar Atsiyun deb ataladi. 1967 yilgacha O‘rdun daryosining g‘arbiy sohilida birorta yahudiy yashamagan. Biroq bugunga kelib ularning soni 420 ming kishiga yetgan, Sharqiy Qudsda esa — 220 ming yahudiy istiqomat qiladi. Xalqaro huquqqa binoan yahudiy manzilgohlarining barchasi noqonuniydir.

Mavzu
Quddus Isroil poytaxti deb tan olinishi

6 dekabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Quddusning Isroil poytaxti deb tan oldi. U AQSh Davlat departamentiga Tel-Avivdagi elchixonani Quddusga ko‘chirishga tayyorgarlik ko‘rishni boshlash vazifasini topshirdi.

Barchasi
Mavzuga oid
Top