11:45 / 10.01.2018
23583

Fransiya YTH bilan kurashning yangi usulini topdi. O‘zbekistonda ham balki shunday qilish kerakdir? 

Foto: Shutterstock

Fransiya hukumati yo‘llardagi avariyalar sonini qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqilishi haqida ma'lum qildi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Eduar Filipp seshanba kuni aytib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda 1 iyuldan ikkinchi darajali yo‘llardagi maksimal ruxsat berilgan tezlik 90 dan 80 kilometr soatga pasayadi. "Bu chora bizga yiliga 350-400 inson hayotini saqlab qolish imkonini beradi", - deya ta'kidlab o‘tdi Filipp. Ekspertlarning ta'kidlashicha, Fransiyada 2016 yilda o‘lim bilan yakun topgan YTHlarning 55 foizi aynan ikkilamchi yo‘llarda yuz bergan.

Yana bir chora – haydovchi mashinani boshqarayotgan paytda mobil telefondan foydalansa, uning guvohnomasi olib qo‘yiladi. Avval bu faqat 135 yevro jarima va haydovchilik guvohnomalaridan 3 ballni (umumiy 12 ball – tah.) olib qo‘yish bilan jazolanardi. 2017 yilning martida o‘tkazilgan so‘rovga ko‘ra, respondentlarning qariyb 60 foizi avtomobilni boshqarayotgan paytida mobil telefondan muntazam foydalanishini bildirgan. 

"Yo‘l harakati xavfsizligi – bu eng muhim milliy masala", - deya ta'kidlab o‘tdi Filipp. "Biz hozirda o‘zi va atrofdagilarni xavfga qo‘yayotgan haydovchilarga nisbatan qat'iy choralar ko‘rishimiz kerak. Mashinani boshqarayotganlar bizning va yaqinlarimizning hayoti ularning harakatlariga bog‘liq ekanini yodda saqlashlari kerak", - deya qayd etib o‘tgan u.

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, Fransiyada 2016 yilda YTH tufayli hayotdan ko‘z yumganlar soni 3477 kishini tashkil etadi. Ekspertlarning fikricha, 2017 yil yakunlari bo‘yicha bu son yanada oshadi. 

Top