20:00 / 10.01.2018
9431

Qur'on musobaqasi uchun bir kunda ming kishi ro‘yxatga olindi

Foto: Muslim.uz

Qur'on musobaqasida ishtirok etish uchun yana 1000 kishi ro‘yxatdan o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Musulmonlar idorasi matbuot xizmati xabar berdi.

“Musobaqada qatnashuvchilarni ro‘yxatga olish jarayoni davom etmoqda. Ishtirok etish istagida bo‘lganlar 15 yanvarga qadar ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin”, deya xabar bergan Qur'on musobaqasini o‘tkazish bo‘yicha Tashkiliy qo‘mita. 

Musobaqada ishtirok etish uchun joriy yilning 8 yanvar holatiga ko‘ra, Respublika bo‘yicha 733 nafar kishi hujjat topshirgan, 9 yanvar holatiga ko‘ra bu miqdor 1101 nafarga yetgandi. 

Tashkiliy qo‘mitaning ma'lum qilishicha, bugun, 10 yanvar holatiga ko‘ra, musobaqada ishtirok etish istagini bildirganlar soni 2079 kishini tashkil etmoqda (1118 nafar erkaklar, 861 nafar ayollar). 

Qur'on musobaqasida 18 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan barcha fuqarolarimiz hifz va tilovat yo‘nalishlari bo‘yicha qatnashishlari mumkin. 

Fuqarolardan kelib tushayotgan ko‘plab talab-istaklarni inobatga olgan holda ishtirokchilarni ro‘yxatga olish muddati 13 yanvardan 15 yanvarga uzaytirilgan. 

Top