13:40 / 12.01.2018
34326

Agrippina Shin rejalashtirilmagan holda bolalar bog‘chalariga bordi

Foto: Maktabgacha ta'lim vazirligi

Maktabgacha ta'lim vaziri Agrippina Shin Toshkent shahridagi Sergeli va Yashnobod tumanida joylashgan 598- hamda 240-sonli maktabgacha ta'lim muassasasiga rejalashtirilmagan holda tashrif buyurdi. Bu haqda KUN.UZ’ga vazirlik axborot xizmati xabar berdi.

598-sonli maktabgacha ta'lim muassasasida vaziyatni o‘rganish davomida, bog‘cha belgilanganidan ortiq to‘lib ketgani va navbatda turish holati bo‘lishiga qaramay, MTMning bir qismida mahalla qo‘mitasi joylashgani aniqlangan. Vazir tomonidan Toshkent shahridagi Maktabgacha ta'lim bosh boshqarmasi rahbariyatiga ushbu xonalarni bog‘chaga qaytarish uchun chora-tadbirlar to‘g‘risida ko‘rsatma, MTM rahbariyatiga ishni tashkil qilish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Foto: Maktabgacha ta'lim vazirligi

Yashnobod tumanidagi 240-sonli maktabgacha ta'lim muassasasida kun rejimiga amal qilish, sanitariya me'yorlari, bolalarni saqlash qoidalariga rioya qilishda buzilishlar aniqlandi. Shuningdek, vazirlik rahbariyatida ushbu MTMda ovqatlanishni tashkil etish va ro‘yxatga olinmagan bolalarni yashirish bo‘yicha savollar tug‘ilgan. 240-sonli bolalar bog‘chasining boshlig‘iga intizomiy choralar qo‘llanildi.

Maktabgacha ta'lim vaziri kamchiliklarni tezda bartaraf etish, maktabgacha ta'lim muassasalarini ta'mirlash va bolalarni har tomonlama rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Top