AQSh elchisi: O'zbekistonda qilinadigan ishlar hali ko'p
16:50 / 14.01.2018
9795

AQShning O'zbekistondagi elchisi Pamela Spratlen «Amerika ovozi» teleradiosi muxbiri bilan suhbatda O'zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida olib borilayotgan islohotlar to'g'risida fikr yuritdi.

Muxbir Spratlen xonimdan O'zbekistondagi islohotlar ortida prezidentning o'zigina turgani, bu o'zgarishlar sistematik emasligi haqidagi qarashlarga munosabatini so'ragan.

«Bunga e`tibor berayapmiz va kuzatayapmiz. Hozirgacha o'zgarishlar ortida uning o'zi turibdi, bunga shubha yo'q. Mirziyoyev shu qadar tez va talabchanki, u bilan yonma-yon ketish qiyin. Uning tashabbuslarini quvvatlovchilar haqiqatda qancha? Uning kelajak haqidagi gaplarini qanchalik tushunishmoqda? Mirziyoyevda tezlik kuchli. Shunday ekan, muhlat haqida gapirish menga qiyin», degan Spratlen xonim.

Elchi O'zbekiston prezidenti kuchli bosim ostida ishlayotganini tasdiqlagan.

«To'g'ri, bosim kuchli. O'zgarish qilish kerak. Bu imkoniyat aslida. Imkoniyatlardan foydalanib qolish kerak, chunki ularning muddati bor. Aholining toqati qanchalik? Buni bilmayman. Prezidentga qarab, u o'ziga muhlat bergani aniq, deysiz. Ayrimlar fikricha, 2-3 yil. Qani, ko'ramiz. Ammo, xulosangizga qo'shilaman, Prezident nimaga qodirligini isbotlashi kerak degan bosim bor. Buni u o'ziga o'zi berayotgan bo'lishi ham mumkin», degan u.

Amerika elchisi Shavkat Mirziyoyev rahbarligida islohotlar boshlangan, biroq hali qilinadigan ishlar talayligini qayd etib o'tgan.

«Hukumat O'zbekistondagi o'zgarishlarni tan olishimizni xohlaydi. Prezident Mirziyoyev boshqarayotgan O'zbekiston oldingi O'zbekiston emas – u shuni tan olishimizni istaydi.

Mirziyoyev Amerika siyosiy doiralari unga islohotchi deb qarashini istaydi. U ko'tarayotgan masalalar, nutqlarida ahamiyat qaratayotgan mavzular - misli ko'rilmagan chiqishlar.

Uning to'rt soatlik murojaatida men yo'q edim, lekin Konstitutsiya kunidagi nutqini tinglashga bordim. Qiynoqlarga qarshi gapirdi. Bu tarixiy o'zgarish. Bu islohot. Qora ro'yxatlar bekor qilinishi, odamlar undan chiqarilishi — islohot.

Mirziyoyev u qilayotgan ishlar to'g'ri baholanishini istaydi. U boshlayotgan islohotlar tan olinib, quvvatlanishini istaydi. U biladiki, O'zbekiston uzoq davr salbiy baholangan. Xalq hukumatdan uzoq edi, shuni o'zgartirmoqchi. U islohotchi sifatida maydonga chiqmoqda.

Prezident Mirziyoyev AQShning iqtisodiy jihatdan faol bo'lishini xohlaydi, ayniqsa, savdo bobida. Bizning gapimiz shuki, O'zbekistonda sharoit yaxshilangan sari sarmoyachilar ham ko'payaveradi. Bizneslarimiz o'zi boradi. 

O'zbekiston buning uchun nima qilishi kerakligi muhokamada. Bizning investorlarimizni qanday jalb qilishi mumkin? Shu haqda gaplashayapmiz. Amerika-O'zbekiston Tijorat Palatasining Nyu-Yorkdagi yig'inida, o'tgan sentabrda, qiziqish katta ekani sezildi. Mana shu qiziqish endi amalda qanday aks etadi? Shuning ustida ishlash kerak.

Ko'p narsa O'zbekistonga bog'liq. Valyuta borasida qilinadigan ishlar ko'p. Qonun ustuvorligini ta`minlash masalasida ham muammolar talay. Mamlakatdagi mehnat kuchi yuzasidan ham savollar ko'p. Sarmoyachilar talabiga javob bera oladigan mehnat kuchi bormi? Hajmi va uquvi qanday?

Prezident to'g'ridan-to'g'ri sarmoya kelishini istaydi. Biz bilan yaqin iqtisodiy hamkor bo'lishni xohlaydi.

Bundan tashqari u mintaqa xavfsizligi borasida ham yetakchi rol o'ynamoqchi. O'zbekistonning Afg'oniston yuzasigan hamkorlik qilib kelayotganini qadrlaymiz. Yangi strategiya e`lon qilindi. Mirziyoyev uni quvvatlamoqda. U xalqaro hamjamiyat bilan yaqin bo'lmoqchi, AQSh bilan o'zaro manfaatlar yo'lida birga ishlab, hamkorlik qilmoqchi. Bizning ishimiz — mana shu manfaatlarni aniqlab, bosh qotirish va samarali qadamlar tashlash», degan elchi.

Top