21:37 / 16.01.2018
10292

Aksirishini to‘xtatmoqchi bo‘lgan erkak halqum mushaklarini yirtib oldi

Buyuk britaniyalik erkak aksirishini to‘xtatmoqchi bo‘lib, halqumining pastki qismini yirtib oldi. Erkak tomoqdagi qattiq og‘riqlar va nutq so‘zlashda qiynalayotgani shikoyati bilan shifoxonaga yotqazilgan. Bu haqda BMJ Case Reports nashri ma'lum qildi.

Shifokorlar erkakning bo‘yni ikki tomondan bosilganda qirsillagan ovoz eshitishgan, bu esa erkakning terisi ostiga havo kirganidan dalolat beradi. Erkakka kompyuter tomografiyasi qilinganda, umurtqa bilan ko‘krak qafasi o‘rtasida havo borligi aniqlangan. 

Shifokorlarning aytishicha, halqum qizilo‘ngach bilan birlashadigan joyidan uzilgan. Ko‘rinishicha, bu holat erkak aksirish vaqtida qo‘li bilan og‘zi va burnini yopishi natijasida yuz bergan. Shundan keyin u tomog‘i va bo‘ynida qattiq og‘riq sezgan. 

Natijada erkak bir hafta davolanishiga to‘g‘ri kelgan. U bu vaqt davomida naycha orqali ovqatlantirib turilgan hamda infeksiya tarqalmasligi uchun unga tomiri orqali antibiotiklar kiritilgan.

Ma'lum qilinishicha, og‘iz va burinni berkitgan holda aksirishni to‘xtatishga urinish jiddiy oqibatlarga – quloq pardasi yirtilishi, mediasteniya va hattoki insultga olib kelishi mumkin. 

Shifokorlarning ta'kidlashlaricha, halqum mushaklari kamdan-kam hollarda uziladi. Bunga ko‘pincha kuchli yo‘tal yoki bo‘g‘ish sabab bo‘ladi. 

Mavzuga oid
Top