19:40 / 20.01.2018
34865

ShIIBB: Soqoli o‘sgani uchun jarima solinmagan

KUN.UZ sayti va boshqa qator axborot saytlarida “Soqoli olinmagan kollej talabasi huquqbuzar sifatida jazoga tortildi” sarlavhada maqola e'lon qilindi. Maqolada soqoli olinmagan, sport libosidagi 3-kurs talabasiga ma'muriy jazo qo‘llanilgani, mahallada muhokama qilingani haqida yozilgan edi. Shu munosabat bilan Toshkent shahar IIBB ushbu masalaga oydinlik kiritdi. 

Unga ko‘ra, joriy yilning 17 yanvar kuni Mirzo Ulug‘bek tumani IIB Voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik profilaktikasi inspektorlari tomonidan Mirzo Ulug‘bek tumani Informatika kasb-hunar kollejida "Davomat" tadbiri davomida kollej kirish eshigi (turniket)ni oldida kollej ichki hududiga shubhali shaxs kirishga uringan. Tashqi ko‘rinishidan soqoli o‘sgani va sport kiyimida bo‘lganligi IIB xodimlarida shubha uyg‘otgan. 

Tuman IIB Voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik profilaktikasi inspektori tomonidan shubhali shaxs to‘xtatilib, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini taqdim qilishi so‘ralganida, o‘quvchi qo‘pol muomalada bo‘lgan. O‘zini tanishtirmasdan, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etmasdan, jamoat tartibini buzib, shovqin qila boshlagan. Bundan tashqari, IIB Voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik profilaktikasi inspektorining qonuniy talablarini bajarmagan.

Olib borilgan surishtiruv jarayonida ushbu fuqaro - Mirzo Ulug‘bek tumani Informatika kasb-hunar kolleji 3-bosqich o‘quvchisi X.J. ekanligi aniqlandi. X.J.ning qilmishida O‘zbekiston Respublikasi ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194-moddasi (ichki ishlar bo‘limi xodimining qonuniy talablarini, ya'ni huquqbuzarlikni to‘xtatish, hujjatlarni tekshirish uchun taqdim etish haqidagi talablarini bajarmaslik) va 183-moddasi (mayda bezorilik, ya'ni jamoat joylarida uyatli so‘zlar bilan so‘kinish, fuqarolarga xaqoratomuz shilqimlik qilish hamda jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzish kabi boshqa xatti-harakatlarda ifodalangan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik) ma'muriy huquqbuzarlik alomatlari bo‘lganligi uchun unga nisbatan ushbu moddalar bilan ma'muriy javobgarlik ta'sir chorasi qo‘llanildi.

Shahar IIBB mulozimining KUN.UZ’ga ma'lum qilishicha, o‘quvchining soqoli olinmagani yoki sport libosida bo‘lgani uchun ichki ishlar idoralari jarima qo‘llay olmaydi. Chunki, bu masala kollej ma'muriyatining ichki tartib-qoidasiga muvofiq, ta'lim muassasasining Nizomi doirasida chora ko‘rishga asos bo‘la oladi. Shunga muvofiq, soqoli olinmagani uchun jarima solindi, deyish huquqiy jihatdan to‘g‘ri bo‘lmaydi. 

Toshkent ShIIBB

Top