08:53 / 20.01.2018
31993

Toshkent shahridagi doktorantlar propiskasi bo‘lmasa ham arzon uy-joy sotib olishlari mumkinmi?

Assalomu alaykum hurmatli Kun.uz jamoasi.

Men Kamalova Dilnavoz. Navoiy shahrida doimiy ro‘yxatda turaman.

Hozirda Toshkent davlat texnika universiteti Tayanch doktoranturasi 2-bosqich doktorantiman. Turmush o‘rtog‘im ham 2-bosqich doktoranti. Biz 1 yildan beri Olmazor tumanida vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tib, ijarada 2 nafar farzandimiz bilan yashab kelmoqdamiz. Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 16 yanvardagi 14-son qarori 3-bob, 38-qism «z» kichik bandiga ko‘ra tayanch doktoranturaning 2-kursidan boshlab oliy ta'limdan keyingi ta'lim institutida tahsil olayotgan doktorantlar arzon uy-joylarni imtiyozli olishi mumkinligi yozilgan. Ushbu qaror nizomi va ilovalarida «propiska» haqida hech narsa aytilmagan.

SAVOL: Men Toshkent shahridan yangi qurilayotgan arzon uy-joylardan imtiyozli kredit asosida olishim mumkinmi?

Javobingiz uchun oldindan rahmat.

JAVOB: Siz yuqorida ta'kidlagan Vazirlar Mahkamasi qarori nafaqat Toshkent shahri, balki yurtimizdagi boshqa shaharlarda ham yashaydigan yosh oilalar, eskirgan uy-joylarda yashayotganlar va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqarolarning boshqa toifalariga arzon ko‘p kvartirali uylarni qurish, rekonstruksiya qilish va sotishni belgilaydi.

Lekin Toshkent shahrida uy-joy sotib olish tartibi Vazirlar Mahkamasining boshqa bir qarorida, ya'ni 2012 yil 16 fevraldagi 41-son qarori bilan tartibga solinadi.

Qarorga ko‘ra, Toshkent shahrida uy-joy oldi-sotdi bitimlarini, almashtirish, renta, umrbod ta'minlash sharti bilan o‘zgaga berish va hadya qilishni, shuningdek, Toshkent shahridagi turar joy yoxud turar joy bo‘lmagan bino shaklidagi ko‘chmas mulkni garovga (ipotekaga) qo‘yish, ko‘chmas mulkdan (ko‘chmas mulkning bir qismidan) voz kechish va ko‘chmas mulkni o‘zgaga berishning boshqa usullarini notarial tasdiqlash va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish quyidagi hollarda amalga oshiriladi.

Agar sotib oluvchi tomon:

- Toshkent shahrida doimiy propiskaga ega bo‘lgan;

- Toshkent shahri hududida kamida uch yil doimiy yashab turgan (lavozimda bo‘lgan) ro‘yxatning 2, 5, 9 , 11-bandlariga muvofiq Toshkent shahrida doimiy propiska qilingan jismoniy shaxs hisoblansa va ichki ishlar organining doimiy propiskasi borligi to‘g‘risidagi ma'lumotnomasini taqdim etsa.

Qisqa qilib aytganda, Toshkent shahrida doimiy propiskangiz bo‘lmasa, unda arzon uy-joylardan sotib olish huquqiga ega emassiz. Doktorantlar uchun propiskasi bo‘lmasa ham uy sotib olishga ruxsat etilsin, degan imtiyoz hozircha amaldagi qonunchilikda nazarda tutilmagan.

 Xushnud Xudayberdiyev, huquqshunos.

Top