09:10 / 21.01.2018
10012

Oq uyda fuqarolarning qo‘ng‘iroqlariga javob berilmayapti

Foto: Reuters

Oq uyning jamoatchilik bilan aloqa xizmati AQSh federal hukumatining faoliyati to‘xtab qolgani sababli fuqarolarning telefon qo‘ng‘iroqlarini qabul qilmay qo‘ydi. Bu haqda TASS axborot agentligi xabar bermoqda. 

Ta'kidlanishicha, qo‘ng‘iroq qilgan odamlar federal hukumat faoliyati to‘xtagani haqida avtojavob bergich ogohlantirishini eshitmoqdalar.

Ogohlantirishda bu holat uchun javobgarlik Demokratik partiya zimmasida ekanligi aytib o‘tilmoqda.

“Afsuski, bugun sizning qo‘ng‘irog‘ingizga javob bera olmaymiz, chunki Kongressda demokratlar hukumatning moliyalashtirilishini arosatda ushlab turishibdi. Shu sababli hukumat ishini to‘xtatdi”, deyilgan audioxabarda.

Ta'kidlanishicha, hukumat yana ishlay boshlagandan keyin qo‘ng‘iroqlar avvalgidek qabul qilina boshlaydi.

Avvalroq AQSh federal muassasalari moliyalashtirish yo‘qligi sababli faoliyatlarini to‘xtatishga majbur bo‘lganlari, chunki demokratlar respublikachilarga federal byudjyet qonunini qabul qilishga ijozat bermaganlari ma'lum qilingan. 

OAV ma'lumotlariga ko‘ra, AQShning vaqtinchalik byudjyeti bo‘yicha senatda ovoz berish 22 yanvarga belgilangan.

Top