10:53 / 24.01.2018
30394

Ravshan Haydarov Janubiy Koreyaga qarshi uchrashuvdagi g‘alaba sabablarini aytdi

Foto: The-afc.com

O‘zbekiston U-23 term a jamoasi bosh murabbiyi Ravshan Haydarov Osiyo chempionatining 1/2 finalidan o‘rin olgan Janubiy Koreyaga qarshi uchrashuvdan (4:1) so‘ng o‘yin borasida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

«Bugun shogirdlarim qo‘llaridan kelgan barcha ishni amalga oshirishdi. Bu yoshdagi terma jamoa tarixida eng yaxshi natija qayd etdik. Futbolchilar o‘yin oxirida charchab qolganiga qaramasdan, bugun jismoniy va taktik jihatdan raqibdan kuchliroq edik. Janubiy Koreya — juda kuchli raqib. Buni o‘yindan oldin ham yigitlarga tushuntirgandim.

Qo‘shimcha ikkita bo‘limda harakat qilish biroz murakkabliklar tug‘dirdi,  ammo shunga qaramasdan, futbolchilarimiz xarakter ko‘rsata olishdi va individual mahoratlari evaziga natija qayd etishdi. Biz bugungi g‘alabaga ko‘proq munosib edik, deb o‘ylayman. Bugun shogirdlarimga rahmat aytmoqchiman. Ular juda murakkab bo‘lgan o‘yinni o‘tkazishdi. Uchrashuvni boshidan oxiriga qadar nazorat qildik, to‘p nazorati ham biz tomonda bo‘ldi. Terma jamoaning har bir a'zosi o‘z oilasi va muxlislar uchun g‘alaba qozondi.

Raqibga nisbatan yaxshiroq futbol ko‘rsatdik. Janubiy Koreya terma jamoasi bir kishi kam bo‘lib qolganidan keyin qiynalgan bo‘lishi mumkin, lekin bu narsa bahsning borishini keskin o‘zgartirib yubordi, deb o‘ylamayman. Chunki futbolchilar soni teng vaqtida ham o‘yinni aynan biz nazorat qilayotgandik», — deya Haydarovning so‘zlarini keltiradi OFK rasmiy sayti.

Top