12:20 / 26.01.2018
15015
Iqtisodiy protsessual kodeks tasdiqlandi. Qanday o‘zgarishlar bor? 
Foto: Fotolia

O‘zbekistonda Iqtisodiy protsessual kodeks tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligining ijtimoiy tarmoqdagi “Huquqiy axborot” kanalida xabar berilgan.

Kodeks zamon talablarini hisobga olgan holda, shuningdek qonun hujjatlarida mavjud kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida takomillashtirilgan amaldagi Xo‘jalik protsessual kodeksi normalariga asoslanib ishlab chiqilgan.

Kodeks bilan quyidagilar:

sudga murojaat qilish shakllari (da'vo arizasi,shikoyat, (protest), taqdim) tartibga solingan;
sud majlisida audio va video qayd etish imkoniyati nazarda tutilgan;
xorijiy sudlar va arbitrajlar qarorlarini e'tirof etish hamda ijro etish to‘g‘risidagi ishlarni, shuningdek yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan holatlarni belgilash haqidagi ishlarni ko‘rib chiqish tartibini belgilovchi boblar kiritilgan;
fuqarolik sudlarida bo‘lganidek, ayrim nizolarni ko‘rib chiqish viloyat darajasidagi  sudlarning sudloviga kiritilgan (chet ellik shaxslar - norezidentlar ishtirokidagi ishlar; xorijiy sudlar va arbitrajlar qarorlarini e'tirof etish hamda ijro etish to‘g‘risidagi ishlar);
nizolarni tezlikda ko‘rib chiqish maqsadida sudlovning umumiy qoidasi o‘zgartirilgan (yuridik shaxslar va yakka tartibdagi  tadbirkorlarga da'volar ular ro‘yxatdan o‘tkazilgan joy bo‘yicha sudga taqdim etiladi);
davlat organlarining xususiy mulkchilik munosabatlariga jalb etilishini cheklash maqsadida prokuror ustav jamg‘armasida davlat ulushi bo‘lmagan  shaxslarning yozma roziligi bo‘lgandagina ularni himoya qilish uchun sudga murojaat qilishga haq ekanligi nazarda tutilgan;
Fuqarolik protsessual kodeksida bo‘lganidek, shartlashilgan (ixtiyoriy) vakillar ro‘yxati keltirilgan, shuningdek sudda vakil sifatida ishlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha professional faoliyat bilan faqat advokatlar shug‘ullanishlari mumkinligi belgilangan;
soliq bo‘yicha qarzdorlikni qarzdorning mol-mulkiga qaratishga doir sud tartibi chiqarib tashlangan, chunki bunday ishlar odatda tortishuvga o‘rin qoldirmaydi;
nazorat instansiyasida sud hujjatini qayta ko‘rib chiqish tartibi takomillashtirilgan.

Kodeks 10 apreldan e'tiboran kuchga kiradi.

Mavzuga oid
Top