23:00 / 29.01.2018
21202

Qozog‘iston soqol va hijob masalalariga oid Qonun loyihasini ishlab chiqmoqda

Qozog‘istonning Din va fuqarolik jamiyati ishlari vaziri Nurlan Yermekboyev diniy faoliyat masalalariga tuzatish kiritishga doir rejalar bilan bo‘lishdi. Tengrinews shu haqida xabar berdi. 

Manbaga ko‘ra, Majlisda diniy faoliyat va diniy birlashmalar masalalari to‘g‘risidagi ba'zi hujjatlarga o‘zgarish va qo‘shimchalar kiritishga doir Qonun loyihasi ko‘rib chiqilmoqda. 

"Qonunosti normativ aktlar ishlab chiqiladi, hatto eskizlar ham taqdim etiladi. Har qanday ko‘rinishdagi soqolga taqiq qo‘yilmaydi, eskizlar va xarakterli belgilar taqdim etiladi. Gap barcha soqollar haqida emas, gap din peshvolari haqida ham emas, gap faqat aynan buzg‘unchi diniy oqimlarni targ‘ib qiluvchilar haqida. Bu yerda tashqi belgilar bilan bir qatorda ularning nimalar haqida so‘zlayotgani, nimalarni targ‘ib qilayotgani rol o‘ynaydi", - deydi Yermekboyev.

Vazirning ishonch bilan ta'kidlashicha, mamlakatda avvalgidek din erkinligi saqlanib qoladi.

"Mutaxassislar bu belgilar buzg‘unchi diniy oqim belgilari hisoblanadimi yoki yo‘q - belgilab berishadi. Barchasi belgilab qo‘yiladi: soqol uzunligi ham, boshqa belgilar ham", - deya aniqlik kiritadi vazir. 

Yangi qonunda yuzni to‘sib turuvchi kiyimlarni taqiqlash ham taklif qilinmoqda. 

"Hijob va niqobni adashtirish kerak emas. Qonun loyihasiga muvofiq, hijob bo‘yicha hech qanday gap yo‘q. Ro‘mol bo‘yicha ham xuddi shunday. Faqat yuz sohasini to‘sib turuvchi libos haqida gap ketmoqda, - bu esa niqob, paranji. Bunda nafaqat diniy kiyimlar, balki tibbiy niqob, balaklava ham ko‘zda tutilgan bo‘lishi mumkin. Istisnolar bor - sport musobaqalari, xizmat yuzasidan zarurat tug‘ilgan taqdirda, quruvchilarning maxsus kiyimlari, iqlim yoki ob-havo sabab niqoblanish", - deya ma'lum qildi Yermekboyev.

Mavzuga oid
Top