12:30 / 31.01.2018
6546

AQSh O‘zbekistonga silni tezkor tashxislash zamonaviy uskunalarini taqdim etdi

Foto: AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi

Bugun, 31 yanvar kuni AQSh O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga sil kasalligini tezkor tashxislash zamonaviy uskunalarini taqdim etdi. Bu haqda Qo‘shma Shtatlarning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati ma'lum qilmoqda.

Respublika ixtisoslashtirilgan Ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bo‘lib o‘tgan taqdimot marosimida Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) Markaziy Osiyo Mintaqaviy direktor o‘rinbosari Sara Uolter xonim va Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari doktor Liann Kuppens, Sog‘liqni saqlash vazirligi Davolash-profilaktika yordamini tashkillashtirish bosh boshqarmasi bosh mutaxassisi doktor Asilbek Ahmadjonov ishtirok etdi.

AQSh hukumati tomonidan taqdim etilayogan qo‘llanilishi oson bo‘lgan to‘rt to‘plam  Xpert MTB/RIF silni tezkor tashxislash uskunalari tibbiyot muassasalariga sil kasalligini aniqlash vaqtini sakkiz haftadan ikki soatgacha qisqartirish imkonini beradi. Sil kasalligini erta tashxislash tibbiyot muassasalariga aholini o‘z vaqtida davolash, bemorlarning to‘liq tuzalishi va kasallik tarqalishi oldini olishga imkon yaratadi.

“Amerika Qo‘shma Shtatlari ilg‘or tibbiy texnologiyalar ishlab chiqarishda yetakchi davlat hisoblanadi, ushbu uskunalarni yetkazib berishdagi yordamimiz esa O‘zbekiston xalqining sog‘ligi va farovonligini oshirish yo‘lidagi izlanishlarni doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlashga sodiqligimizni namoyon etadi”, – deya ta'kidladi Uolter xonim.

USAID sil kasalligini tezkor tashxislash maxsus tibbiy uskunalarini JSST va KNCV Tuberculosis Foundation jamg‘armasi hamkorligida tadbiq etilayotgan «Challenge TB» loyihasi orqali amalga oshirdi. Bugungi kunda O‘zbekistonda 27 ta Xpert MTB/RIF uskunasi qo‘llanilmoqda, ular orasida 2014 yilda USAID tomonidan taqdim etilgan to‘rtta uskuna ham mavjud.

Mavzuga oid
Top