16:10 / 01.02.2018
34923

Ravshan Haydarov nima sababdan Osiyo chempionatiga to‘liq tarkib bilan ketilmaganiga izoh berdi

Foto: kenh13.net

O‘zbekiston U-23 terma jamoasi bosh murabbiyi Ravshan Haydarov Xitoyda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida 23 kishi bilan ketish imkoniyati bo‘lsada, 22 futbolchi bilan borganini izohladi.

— 23 kishilik yakuniy tarkibni musobaqa boshlanishidan bir hafta oldin berish mumkin edi. Biz musobaqaga jiddiy maqsadlar bilan ketayotgandik va shu boisdan ham tarkibga nisbatan tajribaliroq Otabek Shukurovni ham kiritdik. Lekin Otabek bu paytda klubini o‘zgartirdi. Klubi muhim uchrashuvlarda qatnashdi. Shu bois uni qo‘yib yuborishmadi.

— Bu O‘zbekiston jamoalari emaski, terma jamoa uchun futbolchilarni qo‘yib yuborishni so‘rashsa qo‘yib yuboradigan. BAA klubi FIFA kunlariga kiritilmagan bu musobaqa uchun yangi sotib olgan futbolchini muhim uchrashuvlar vaqtida qo‘yib yubormasligi tabiiy edi. Shu ma'noda boshqa futbolchi olib ketish to‘g‘ri bo‘lmasmidi?
— Ochig‘ini aytsam, biz oxirgi daqiqalargacha Otabekning xizmatidan umid qildik. Jamoa guruh bosqichida favqulodda qiyin ahvolga tushib qolsa, Otabek hech bo‘lmasa turnirni o‘rtasidan bo‘lsada, tarkibimizga qo‘shilishini kutgandik. Lekin xudoga shukrki, uning yordamisiz ham chempionlikni qo‘lga kiritdik.

Umuman 22 futbolchi bilan turnirda qatnashish muammo emas. Biz oldingi safar 23 futbolchi qatnashishi kerak bo‘lgan musobaqada 21 futbolchi bilan ishtirok etib jahon chempionatiga chiqqandik. Aytmoqchimanki, zayavkada bitta futbolchi kamligi unchalik katta yo‘qotish demagan bo‘lardim.

— Lekin bu safargi musobaqa oldimizda turgan eng asosiy vazifalardan biri — Olimpiada yo‘llanmasiga saralash emasdi. Ikki yildan so‘ng Olimpiada saralashida butunlay boshqa futbolchilar ishtirok etadi va aslida o‘sha musobaqa muhimroq. Shu ma'noda o‘sha payti tarkibda bo‘lishi mumkin bo‘lgan futbolchilardan yana biri olib ketilsa, bu tajriba bo‘lgan bo‘lardi. Misol uchun kecha «Nasaf» ishtirokidagi o‘yinni ko‘rdik. Tarkibda 19 yashar Islom Kenjaboyev xuddi yetakchilardek harakat qildi. Asosiy tarkibning muqim a'zosi. Balki Kenjaboyev ham bizga asqotgan bo‘larmidi?
— Bu yoshdagi futbolchilar ham nazoratimiz ostida turibdi. Kenjaboyev, «Nasaf»dagi darvozabon Umidjon Ergashev. Yana boshqa bir qator futbolchilarni ham muntazam kuzatuvimiz ostida ushlab turibmiz. Lekin bu musobaqada biz Otabek Shukurov bo‘lmasa, qolgan 22 futbolchi bilan o‘ynashga qaror qilgandik, deya gapirib o‘tdi Haydarov KUN.UZ muxbiri bilan suhbatda.

Top