08:54 / 02.02.2018
7576

AQSh davlat kotibi Venesuela prezidentiga “tinchgina ketishni” maslahat qildi 

Foto: AFP / Don MacKinnon

AQSh Venesuelada tuzum o‘zgarishini talab qilmayapti, biroq mamlakat prezidenti Nikolas Maduroning o‘z istagi bilan ketishi inqirozni hal qilishning eng oddiy varianti bo‘lardi, deb aytdi AQSh davlat kotibi Reks Tillerson. U, shuningdek, Maduro iste'foga ketgandan keyin kubalik do‘stlari yoniga ketishi mumkinligini aytgan.

“Prezident Maduro ketishni tanlashi mumkin edi, bu eng oddiy variant bo‘lardi. Biroq siz bilasiz, biz tuzumning o‘zgarishi yoki prezident Maduroning ketishini talab qilmayapmiz, biz uni konstitutsiyani bajarishga qaytishga chaqirmoqdamiz”, deb aytgan Tillerson Texas universitetidagi nutqida.

“Ular konstitutsiyani bajarishga qaytishlari kerak. Fikrimcha, o‘zgarish bo‘ladi va biz tinch o‘zgarishlarni istamoqdamiz. Tinch o‘tish, tuzumning tinch o‘zgartirilishi uning muqobili – zo‘ravonlik bilan o‘tishdan har doim yaxshiroqdir”, deb qo‘shimcha qilgan Tillerson.

Avvalroq Tillerson 1 fevraldan Lotin Amerikasiga turne boshlashi ma'lum qilingandi. Uning aytishicha, Lotin Amerikasi davlatlari tarixida hokimiyatning o‘zgarishini harbiylar amalga oshirganlar. “Bu yerda ham shunday bo‘ladimi, bilmayman. Takrorlayman, bizning pozitsiyamiz Maduro konstitutsiyaga qaytishi va unga amal qilishi kerakligidan iborat. Agar u xalq tomondan qayta saylanmasa, unda shunday bo‘lishi kerak”, deb davom ettirgan o‘z so‘zlarini Tillerson.

“Agar u uchun vaziyat juda “qaynoq”qa aylansa, ishonchim komil, uning Kubada do‘stlari bor, ular unga plyajda yaxshi uy taklif qilishlari mumkin va unga u yerda yaxshi bo‘ladi”, deb aytgan Tillerson zalning kulgusi ostida.

Tillerson so‘ngra jiddiy ohangga o‘tib, Vashington Venesuela va Kuba xalqlari manfaatlarini ta'minlash uchun bu davlatlar rahbariyatlariga bosim o‘tkazishni davom ettirishini aytdi.

Tillerson bir hafta ichida Meksika, Argentina, Peru, Kolumbiya va Yamaykaga tashrif buyuradi.

Mavzuga oid
Top