12:40 / 02.02.2018
185123

Maynavozchilik bas qilinib, Farg‘ona hokimi uzr so‘rashi kerak - tamom!

Aqto‘be fojiasidan so‘ng o‘tkazilgan yig‘ilishda Farg‘ona viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyevning Toshloq tumani aholisini «haromi» deb haqorat qilgani haqidagi materiallar turli saytlarda, jumladan, «KUN.UZ»da ham e'lon qilingach, Farg‘ona viloyatida turli tahririyatlarga rahbarlik qilayotgan shaxslardan viloyat hokimining qilmishini oqlash tushuntirilgan bir necha murojaatlar tarqaldi.

Tahririyatimizga ham navbatdagi xat keldi. Bu safar «Bag‘dod tongi» gazetasi bosh muharriri Davlatjon Polvonovdan:

«Sezamanki, yozmoqchi bo‘lganlarim poyoniga yetmayoq, meniyam laganbardorga chiqaradilar. Tilyog‘lamachilikda, bir yoqlamachilikda ayblaydiganlar meni-da yomonotliq qilishadi: xuddi jurnalist Muhammadjon Obidovning yozmishlarini «xalqning ustidan kulish» deya talqin etishgandek va xuddi Bosh muharrir Gulbahor Said G‘ani satrlarini «puchmoq»qa mengzaganlaridek. Biroq, na chora, dildagini tilga ko‘chirmasang, yurak qurmag‘ur tosh qotib, butun vujudingni g‘ashlik bosib boraverarkan», deb boshlagan u o‘z xatini.

Buni bemalol «yeb quygan» viloyatimiz rahbarini oqlash, unga paxta qo‘yishga majbur bo‘lib yozyapman, iltimos, qattiq urishmanglar meni», deb tushundim shaxsan men.

Qiziq holat: Farg‘ona viloyat hokimining huquqbuzarligini oqlab, uning matbuot kotibi Abdulazizxon Abdasov, farg‘onalik jurnalistlar — Muhammadjon Obidov, Gulbahor Said G‘ani, mana endi, Davlatjon Polvonovgina yozishyapti.

Nega Farg‘ona viloyati hokimi kechirimli xalqidan bir og‘iz uzr so‘rash o‘rniga «propaganda askarlari»ga buyruq berib, butun O‘zbekiston ahlining g‘ashiga tegmoqda?

Masalan, butun tumanning mas'uliyatsiz fuqarolarini «haromi» deb haqorat qilish mumkin ekan, shu so‘zni mas'uliyatsizlik bilan ishlatgan hokimni ham shu kabi so‘zlar bilan bemalol siylayversak bo‘laveradi, deganimi buyog‘iga? Zamondan ortda qolib ketgan anavilarning yozgan maqolalaridan bemalol shunday qilaverish mumkin, degan xulosa kelib chiqmoqda axir!

«Propaganda askarlari»da ozgina bo‘lsa ham or yo‘q ekan. So‘kdimi — jarimasini to‘lab, qonun oldida javob berishi kerak-da hokim. Hech kim osilsin demayapti-ku! Gazetalaringiz bosh sahifasida eshakdek harflar bilan shunday sarlavhalar ostida material berilishi kerak emasmi? Siz rostdan ham jurnalistmi o‘zi yo laganbardormi?

Qaysidir farg‘onalik hamkasbimning esida bo‘lmasa eslatib qo‘yishim mumkin: sizu biz Qo‘qon xonligida emas, huquqiy-demokratik davlat O‘zbekiston Respublikasida istiqomat qilyapmiz va bizda qonun oldida hamma barobar!

Davlatjon Polvonovning bizga yo‘llagan xatida yana shunday satrlar bor:

«Menga alam qilgan yana bir jihat — ko‘pchilik hamkasblarga «chaynash» uchun yangi «luqma» topilgani bo‘ldi. Bu holatdan xalqni gij-gijlash uchun qurol sifatida foydalanayotgan, «yotib qolguncha — otib qol» qabilida ish tutayotganlardan ranjiganim — bor gap. Mana, misol: «Mirza-Anvar Abdulla Hamid» degan foydalanuvchi «G‘aniyevning o‘z qilmishi uchun javob berishini hukumatdan talab qilgan holda, Toshloq tumani aholisidan hokimni sudga berish»ni so‘raydi.

Yana boshqa internet foydalanuvchisi: «Biron bir mard yo‘qmi Toshloqda?», degan savolni iddao sifatida ilgari surgan.

«Sho‘rlik onalar boshiga tushgan musibat hokimning ham boshiga tushsin!», deya qarg‘anib yozibdi «Malohat Eshova» degan link egasi.

«To‘ra Murod» linki ostidagi yozuvlarda Prezidentga murojaat etilib, «G‘aniyevni ishdan olish lozimligini nafaqat toshloqliklar, balki butun o‘zbek xalqi kutib turgani» bayon qilinadi.

Hoy, birodar, Prezidentga, hukumatga ultimatum qo‘yishga va bu buni «butun bir xalqning xohish-irodasi» sifatida talqin qilishga ma'naviy haqingiz bormi? Men bilganim, Konstitutsiyaga muvofiq, xalqning xohish-irodasini faqatgina Prezident va qonun yo‘li bilan saylangan deputatlar ifoda etishi mumkin, xolos. Butun bir xalqni tinch qo‘ysinlar, To‘ra Murod».

O‘zi hamkasblarni tanqid qilishni juda yomon ko‘raman. Bunday satrlari bilan men Gulbahor Said G‘ani va Davlatjon Polvonovni jurnalistdek faxrli va sharafli kasb egalari emasligiga to‘liq amin bo‘lganim uchungina ushbularni yozishga jazm qildim. Ungacha g‘ashim kelib turgan bo‘lsa ham, uzoq vaqt tishimni tishimga bosib chidab kelayotgan edim. Davlatjon Polvonovniki sabr kosamni to‘ldirdi.

Shuhrat G‘aniyevning o‘zi-ku xalqni bir tiyinga olmasligi ayon bo‘lib bo‘ldi, shotirlari ham shu fikrda ekan. Internetda qanday to‘lqin yuzaga kelganini ko‘rmadinglarmi?! ANA ShU — XALQ bo‘ladi. Hokim so‘ksa ham, tepsa ham mung‘ayib o‘tirgan haromxo‘r rahbarlaru deputatlar emas! (Shunaqangi ishlatgim keldikuya boyagi so‘zni, asti qo‘yavering)

To‘g‘risini aytinglar, Davlatjon aka, Gulbahorxon opa, majburiy obuna bo‘lmasa gazetangiz nechta tirajda chiqardi? 15 kishi obuna bo‘larmidi? Sizlar axir majbursiz-ku hokim janobi oliylari haqida shunday bitiklar yozishga? Yozmang qani, bir kunda kreslodan uchib ketasiz! Joyingizga ko‘z tikib turganlar — yuzta! Gazetalaringiz esa hokimlarning «Qani, haromilar, qancha obuna qildilaring?!» dag‘dag‘asi ostida, byudjyet tashkilotlari halol maosh olayotganlarning moyanasidan uzib qolinib obuna qilinadi. Yolg‘onmi?

Ochiq va tanqidiy maqolalar bilan xalqni gij-gijlamasdan, hokimlarning jinoyatlariyu haqoratlarini xaspo‘shlab yurishni jurnalistika hisoblayotgan, haqsizlikni ko‘rib, chiday olmay qo‘liga qalam olgan o‘tyurak jurnalistlarni ham Sem tog‘aning malaylari deyotgan ekansiz, hali ham XX asrda yurganingizni sezmayapsizmi?

Modomiki vaziyat aynan shunday ekan, hamma qolib, siz o‘zingizni ma'naviy haqdor hisoblayapsizmi?! Odamlarga erkin fikrlari uchun yorliq yopishtirishga qanday jazm etyapsizlar? Aslida Qalamga (kompyuter oldiga) umuman yaqinlashmasligingiz kerak emasmi?

Ha, siz xalqning ustidan kulyapsiz! Lavozimingiz ilinjida laganbardorlik, tilyog‘lamachilik, biryoqlamachilik qilyapsiz. Boz ustiga, bundan aslo uyalmayapsiz va sevimli rahbaringiz kabi xatingizni boshidanoq ta'na qilib qo‘ymoqdasiz.

Viloyat hokimi matbuot kotibi Abdulazizxon Abdasov esa hokimning haqoratini haqorat o‘rnida qabul qilgan barchani aqli oqsaganlikda ayblabdi. Haqoratni haqorat emas, deb qabul qilish aqli rasolik bo‘lsa, Farg‘onada hokimlik va ruhiy kasalliklar shifoxonasini omixta qilib yuboraveringlar.

Xalq oyoq uchida ko‘rsatiladigan eski zamonlar o‘tdi. Shuhrat G‘aniyevning mavjud qonunchilikka ko‘ra jazolanishi shu bilan ham ahamiyatliki, unday og‘zi shaloq rahbarlar, afsuski, respublikada hamon ko‘p. Pretsendent hosil bo‘lishi kerak va bundan buyon rahbarlar xalq va fuqarolar bilan muomala qilishda madaniyatli bo‘lishlari kerak. Buni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ham o‘z chiqishlarida bot-bot takrorlab turibdi. Xalqimizni rozi qilaylik, deydi Prezident. Buni «Xalqimizni norozi qilmaylik», deb ham tushunish kerak, axir!

To‘ra Murod ham Prezident oldiga ultimatum qo‘ymayapti, davlat rahbarining yonib-kuyib so‘zlayotgan so‘zlarini yo‘qqa chiqarayotgan, mazlum xalqning ishonchiyu umidini o‘ldirayotgan rahbarlar changalidan qutqarishni iltimos qilmoqda.

Aslida, o‘sha azali kunlarda hokim xalqning chinakam yetakchisi bo‘lganida, xalqparvar bo‘lganida, notiq bo‘lganida, bilimli va madaniyatli bo‘lganida shunday nutq irod qilar ediki, butun xalqning ko‘nglidan joy olardi. Hozir esa nafratga giriftor. Shunday og‘zi shaloq rahbar qo‘l ostida ishlash kimlargadir maza bo‘lsa, bilmadim, bilmadim...

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 2 martdagi 62-son qarori bilan Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalari tasdiqlangan.

Uning dastlabki uch bandini Farg‘onada jurnalistman deb kerilib yurgan BOSh muharrirlar rangli printerdan chiqarib, stoli ustidagi oynaning ostiga qo‘yib olishlarini maslahat beraman:

  • davlat xizmatchilari xushmuomala, iltifotli, odobli, e'tiborli, fuqarolar va hamkasblari bilan munosabatda sabr-toqatli bo‘lishi, ularni hurmat qilishi shart.
  • Davlat xizmatchilari o‘ziga bo‘ysunuvchilarga va fuqarolarga nisbatan qo‘pollik qilmasligi, odamlarning sha'ni va qadr-qimmatini kamsitmasligi, ularga asossiz psixologik va jismoniy ta'sir ko‘rsatish holatlariga yo‘l qo‘ymasligi lozim.
  • Siyosiy, iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqlik, shuningdek, shaxsiy vajlar va boshqa sub'yektiv sabablar davlat xizmatchilarining qonun hujjatlari talablarini va Odob-axloq qoidalarini buzishi uchun asos bo‘la olmaydi.

Xullas, Shuhrat G‘aniyev o‘z egosini yengib, «propaganda askarlari»ni birin-ketin maydonga tushirib, sharmanda qilaverishni bas qilishi kerak. Mana, polvonzodasiyam yengildi.

Hokimdan hamon toshloqliklardan bir og‘iz uzr so‘rashni kutmoqdamiz. Butun O‘zbekiston xalqi nomidan qo‘rqmay gapiraman — hamma kutyapti. BOSh muharrirlardan boshqa.

Shuhrat Shokirjonov,

jurnalist.

Top