22:56 / 02.02.2018
4827
Sony kompaniyasi prezidenti o‘z lavozimini tark etmoqda

Sony kompaniyasi parvoz va inqirozlarga to‘la boy tarixga ega. Biroq qanday bo‘lmasin, uning maishiy elektronika, turli-tuman gadjyetlar, robototexnika va o‘yin sanoati rivojiga qo‘shgan hissasini tan olmay iloj yo‘q. Bugunga kelib bu yapon kompaniyasining muhandislari tomonidan loyihalashtirilgan PlayStation turkumidagi o‘yin konsollari yoki ajoyib videokamera va fotoapparatlari haqida eshitmagan odam kam bo‘lsa kerak. 

Kadzuo Xirai kompaniya uchun og‘ir vaqtda, daromad nolga teng bo‘layotgan, kompaniya aksiyalari esa shiddat bilan pasayib ketayotgan bir paytda Sony boshqaruvi tepasiga keldi. 2012 yildan u misli ko‘rilmagan ishlarni olib bordi va Sony'ning avvalgi nufuzini tikladi. Biroq shunga qaramay, bugun ma'lum qilinishicha, joriy yilning aprel oyida u prezident lavozimini tark etishni rejalashtirmoqda. 

Kadzuo Xirai 1984 yilda CBS Sony Records kompaniyasiga ishga joylashadi. O‘shanda u Yaponiyada xorij musiqasi marketingi bilan shug‘ullangan, so‘ngra Sony'ning xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i lavozimiga ko‘tarilgan. Bunda Kadzuoning otasi bankir bo‘lgani va o‘g‘lini doim AQShga olib borgani hamda uning inglizzabon bolalar orasida o‘qigani va til o‘rganish bilan bir qatorda G‘arb madaniyatini o‘zlashtirgani juda katta yordam berdi. Keyinchalik Xirai kompaniyaning Amerikadagi bo‘limiga ko‘chirildi va endi uning vazifasi amerikaliklar orasida yapon musiqasini ommalashtirishdan iborat edi. 

1995 yilda Kadzuo Xirai Sony Computer Entertainment America'ga ko‘chirildi — bu o‘yin konsollarini tarqatish va qo‘llab-quvvatlash uchun mas'ul bo‘lim. To‘rt yildan keyin u kompaniyaning operatsion direktori sifatida faoliyat yuritdi, 2003 yilda esa uning bosh direktori bo‘ldi. Shu insonning mohirona boshqaruvi ostida foydalanuvchilar orasida juda mashhur bo‘lgan PlayStation 2 konsoli ishlab chiqarildi. Ishonch bilan ta'kidlash mumkinki, aynan Xiraining qobiliyati sabab PlayStation turkumiga javobgar bo‘lim bugungi kunda ham samarali faoliyat yuritib, kompaniyaga salmoqli daromad keltirmoqda. 

Sobiq prezident Govard Stringerning o‘rniga kelgan Kadzuo Xirai Sony'ni saqlab qolish uchun keskin choralar ko‘rishga qaror qildi. U kompaniyaning qator ko‘chmas mulkini sotishiga, foyda keltirmayotgan bir necha studiya va bo‘limlarini yopishiga to‘g‘ri keldi. Bir muddat u hatto rahbariyatning ish haqini ikki baravarga kesdi, shu jumladan o‘zining maoshini ham. Biroq oxir-oqibat uning qarorlari o‘z natijasini ko‘rsatdi va Sony sekin-astalik bilan, lekin to‘g‘ri yo‘ldan borib "jarlik"dan chiqdi. 

"Sony'ning kelajakka dadil qadam tashlashi, shuningdek hayotimdagi yangi bobni boshlashim uchun yangi korporativ reja ijrosiga kirishilayotgan bugungi kun - yetakchilikni yangi rahbariyatga topshirishning ayni vaqti, deb hisoblayman", - dedi Kadzuo Xirai o‘zining rasmiy bayonotida. 

Kadzuo Xirai 2018 yilning 1 aprelida kompaniya prezidenti lavozimini tark etishi haqida e'lon qildi. Uning o‘rnini 2013 yildan buyon kompaniyaning bosh moliyaviy direktori lavozimini egallab kelgan Kenichiro Yosida egallaydi. Xirai bir necha yil davomida Yosida bilan yelkama-yelka ishladi, shu bois o‘z kompaniyasi boshqaruvini aynan unga ishonib topshirish mumkin, degan qarorga keldi. Xiraining o‘zi esa kompaniyani butunlay tark etish niyatida emas, u Sony direktorlar kengashi raisi kursisini egallashi kutilmoqda. 

Top