00:58 / 05.02.2018
22307

Islom Karimovga bag‘ishlangan markalar to‘plami chiqarildi

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 80 yillik tavallud ayyomi munosabati bilan “O‘zbekiston pochtasi” AJ Birinchi Prezidentning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan maxsus pochta markalari to‘plamiga ega klyasser (markalar uchun mo‘ljallangan albom) chiqardi. Markalar 2018 yil 30 yanvarda muomalaga kiritilgan.    

To‘plamni yaratish ustida “O‘zbekiston markasi” mutaxassislari 30 ta turli vazirlik va idoralar xodimlari bilan birga ishlashdi. Ijodiy guruh loyiha uchun mamlakat tarixining muhim onlarini ochib beruvchi fotosuratlarni tanlab oldi. 

Foto: pochta.uz
Foto: pochta.uz

“O‘zbekiston pochtasi” matbuot xizmatida ma'lum qilinishicha, arxiv suratlarni to‘plashda Birinchi Prezidentning rafiqasi Tatyana Akbarovna Karimova katta yordam ko‘rsatdi. Shuningdek, fotograflar F.Qurbonboyev va R.Sharipov ham o‘zlari olgan suratlarni taqdim qilishgan.

Klyasser 14 markadan iborat kichik sahifa va 64 ta pochta markasidan iborat 32 ta marka zanjiridan iborat. Kichik sahifa o‘rtasida Islom Karimovning Samarqandda “Sharq taronalari” festivali ochilishi vaqtidagi surati joylashtirilgan. Marka zanjirlari esa Islom Karimovga “Oq saroy” hududida o‘rnatilgan haykal tasvirlangan yagona oraliq kuponga ega.        

Klyasserga, shuningdek, markalarga izohlar kiritilgan. 

Top