17:44 / 05.02.2018
15645

«Qalbaki pasport» egalari sudda oqlandi

Inson o‘z hayoti, taqdirini o‘zgartirib, uni mushkul ahvolga solayotgan “dalil”dan ustun chiqish uchun nima qilishi kerak? Buning uchun qancha vaqt kurashishi kerak?

Qarshilik Ibrohim aka va uning turmush o‘rtog‘i Sabohat opa bir parcha qog‘ozni deb nega ming bir mashaqqat, iztirobga duchor qilindi?

O‘zA’ning yozishicha, 1991 yili Tojikistondan O‘zbekistonga ko‘chib kelgan bu oila Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumanidagi Saxlak qishlog‘ida 2012 yilgacha, xalqimiz ta'biri bilan aytganda, “tub qo‘yib, palak yozib” bo‘lgan edi. Olti nafar farzand tug‘ilib, oila kattalashgan, mahalla-ko‘yga ham singib ketishgan edi.

Bu orada ular ikki marta pasport ham almashtirdi. Shuncha vaqt indamagan, qo‘llariga ikki martalab pasport tutqazgan tuman "pasport stoli"dagilar 2012 yilga kelib oila boshliqlari pasportlari haqiqiyligiga shubhalanib qoldi. Bunga qishloq fuqarolar yig‘inida mavjud bo‘lgan fuqarolarni qayd etish daftarida Ibrohim Soliyev va Sabohat Soliyeva ismi-shariflari yozilgan joyga kimdir bir parcha qog‘oz yopishtirib qo‘ygani bahona bo‘ldi.

Oilada bu mavhumlikdan iztirob chekish, idorama-idora, sudma-sud chopishdek mashaqqatli kunlar boshlandi. Axir inson pasportsiz hech kim emas. Ortga qaytishga ham yo‘l yo‘q. Chunki 21 yilda qaytar yo‘l ham yo‘qolgan edi. Qolaversa, bu oila O‘zbekistonga mehr qo‘ygan, unga chuqur singib, uning bir bo‘lagiga aylanib bo‘lgan edi.

Nahotki, kim yopishtirgani noma'lum bo‘lgan shu parcha qog‘ozni olib tashlab bo‘lmaydi? Nahotki, shu qog‘ozdan insonni ustun qo‘yib bo‘lmaydi?

Ha, bu savollar olti yil javobsiz qoldi. Oila boshliqlari nafaqat pasportsiz, balki fuqarolikdan ham mahrum bo‘ldi. Biroq Ibrohim aka boshiga tushgan bu ko‘rgulikka mutlaqo ko‘nmadi. Ovorai sarson bo‘lsa-da, sudga borishdan erinmadi. Bu ish qayta-qayta ko‘rildi. Garchi “qalbaki pasport” egalari har safar og‘ir jazoga tortilmasdan, ularga amnistiya qo‘llanilgan holda sud majlisi tugasa-da, “sudlanuvchi” bunday qaror bilan kelisha olmadi. Chunki u aybsiz ekaniga, pasportini qaytarib olishiga ishonardi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev fuqarolarning sudma-sud ovorayu sarson bo‘lib yurishi kabi salbiy amaliyotga barham berish, sudning adolatli qarorlar qabul qilish borasidagi mas'uliyatini oshirish zarurligiga e'tibor qaratayotgani Soliyevlar oilasiga katta umid berdi.

2018 yil yanvar oyida Soliyevlarning sudi Qashqadaryo viloyati Nishon tumanida bo‘lib o‘tdi.

– Ishdagi barcha holatlar, oila boshliqlarining mamlakatimizda uzoq muddatdan beri istiqomat qilayotgani, avval pasportlari mavjud bo‘lgani, fuqarolar yig‘inidan ijobiy tavsiflangani inobatga olinib, sud ularni oqlash kerak, degan to‘xtamga keldi, – deydi Jinoyat ishlari bo‘yicha Nishon tumani sudi raisi Ilhom Rahmonqulov. – Albatta, oddiy tushunmovchilik bir oilaning uzoq vaqt sarson bo‘lishiga olib kelgan. Bu borada xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mas'ul xodimlarga nisbatan chora ko‘rish uchun tegishli idoralarga xususiy ajrim chiqarildi.

Mavzuga oid
Top