21:15 / 06.02.2018
31708

Eng katta avtomobil tirbandliklariga ega shaharlar ro‘yxati e'lon qilindi

Foto: Mixail Tereshchenko/TASS

Los-Anjyeles, Moskva va Nyu-York eng katta avtomobil tirbandliklariga ega shaharlar hisoblanadi. Bunday xulosa yo‘l harakati tashkillashtirilishi masalalari bilan shug‘ullanuvchi INRIX xalqaro kompaniyasining 2017 yil yakunlari bo‘yicha tayyorlagan yangi hisobotida keltirilgan. Avvalgi hisobotda ham yetakchi uchtalik shunday ko‘rinishda bo‘lgan.

Joriy hisobotda ta'kidlanishicha, o‘tgan yil davomida Los-Anjyelesda haydovchilar o‘rtacha hisobda tig‘iz vaqtdagi tirbandliklarda 102 soat, Moskva va Nyu-Yorkda 91 soatdan vaqt o‘tkazishgan. Moskvaning 2016 yilgi ko‘rsatkichlari o‘zgarishsiz qolgan, AQShning eng yirik shahri Nyu-Yorkda esa vaziyat biroz yomonlashgan, o‘tgan yil bu ko‘rsatkich 89 soatni tashkil qilgan.  

Avtomobillar harakati nuqtai nazaridan eng nobop shaharlar yetakchi o‘ntaligidan shuningdek San-Paulu, San-Frantsisko, Bogota, London, Atlanta, Parij va Mayami ham joy olgan. Joriy ro‘yxat tarkibi 2016 yildagi ro‘yxatnikiga nisbatan o‘zgarmagan, faqatgina shaharlar o‘rinlari almashgan. 

Mutaxassislarning aytishicha, yo‘llardagi tirbandliklar turli davlatlar iqtisodiyotiga milliardlab dollar ziyon keltiradi. Misol uchun, AQShda haydovchilar yo‘llardagi tirbandliklar sababli 2017 yilda 305 mlrd dollar ziyon ko‘rishgan.

Shuningdek, ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha davlatlar reytingi ham tuzildi. Ro‘yxatga ko‘ra, yetakchi o‘rinlarni Tailand, Indoneziya va Kolumbiya egallagan. 2017 yilda bu davlatlarda haydovchilar tirbandliklarda, mos ravishda, o‘rtacha 56, 51 va 49 soat o‘tkazishgan. Bu davlatlar ortidan Venesuela, Rossiya, AQSh, Braziliya, JAR, Turkiya va Buyuk Britaniya kelmoqda.

INRIX xodimlari hisobotni tayyorlashda 5 ta qit'adagi 38 ta davlatda joylashgan 1360 ta shahar yo‘llaridagi vaziyatni tahlil qilishgan. Biroq bu shaharlar orasiga Yaponiya va Xitoy shaharlari kiritilmagan, chunki kompaniya bu davlatlarda o‘z tadqiqotlarini o‘tkazmaydi. Aks holda ro‘yxat boshqacha ko‘rinish olishi ham mumkin bo‘lardi.

Mavzuga oid
Top