23:59 / 07.02.2018
13735

Andijon yong‘in xavfsizligi boshqarmasi yangi loyihani amalga oshirdi

Foto: KUN.UZ

Endilikda ogohlantiruvchi turli shiorlar, yong‘inlarning kelib chiqish sabablari va salbiy oqibatlari aks ettirilgan ko‘rgazmalar, yong‘in o‘chirish anjomlari, o‘t o‘chiruvchilarning kiyimlari va ish qurollari bilan jihozlangan “Targ‘ibot avtobusi” Andijon viloyati bo‘ylab fuqarolarni hushyorlikka chorlaydi.

Andijon viloyati yong‘in xavfsizligi boshqarmasi va uning quyi tizimida yong‘inlar profilaktikasiga alohida e'tibor qaratilmoqda. Joylarda o‘tkazilayotgan tushuntirish-targ‘ibot ishlarida soha xodimlari yong‘inlarning oldini olish yuzasidan fuqarolarning yashash, ish, o‘qish, jamoat joylaridagi majburiyat va burchlari uqtirib borilmoqda.

Targ‘ibot ishlarining samarali usullaridan foydalanishga harakat qilayotgan yong‘in xavfsizligi xodimlari bugungi axborot texnologiyalarining ilg‘or vositalaridan foydalanib noan'anaviy usulga ham murojaat qilishdi.

O‘tgan davr ichida o‘nlab korxona, tashkilot, muassasalar, bozorlarda tashkil etilgan targ‘ibot aksiyalarida ko‘plab fuqarolar ishtirok etib, yong‘in va uning salbiy oqibatlari, yong‘inlarning oldini olishda e'tibor qaratish kerak bo‘lgan xavfsizlik qoidalari haqidagi bilimlarga ega bo‘lishdi.

Andijon shahridagi 13-umumta'lim maktabida tashkil etilgan ana shunday tadbirlardan birida o‘quvchilar o‘t o‘chiruvchilik kasbi, yong‘in o‘chirish texnikalari, birlamchi o‘t o‘chirish vositalari, qutqaruv uskunalarining vazifalari haqida atroflicha ma'lumotga ega bo‘lishdi. Ayniqsa, targ‘ibot avtobusiga bo‘lgan sayohat o‘quvchilarda katta taassurot qoldirdi.

O‘quvchilar yong‘in xavfsizligi yuzasidan o‘z tasavvurlari bo‘yicha chizgan rasmlarini namoyish etdilar hamda mutaxassislar ularning qiziqtirgan savollariga atroflicha javob berishdi.

Bu kabi tadbirlar isitish vositalariga ehtiyoj kuchaygan qish kunlarida keng qamrovda olib borilmoqda.

Top