19:40 / 07.02.2018
19711

Dayverlar Qizil dengiz tubidan kelayotgan sirli ovozdan shikoyat qilishmoqda

Foto: Global Look Press

Sayyohlar va dayverlar Qizil dengiz tubidan kelayotgan etni junjiktiruvchi ovozdan shikoyat qilishmoqda. Noodatiy hodisa Hurgada shahri yaqinidagi Giftun oroli hamda janubroqda joylashgan Abu-Ramad hududida qayd qilingan.

Sayyohlar dengiz tubidan tushunarsiz, noqulaylik yetkazuvchi shovqin, g‘ichirlash va taqillash ovozidan shikoyat qilishmoqda. Dengizda qutqarish va atrof-muhitni muhofaza qilish jamiyati rahbari Hasan at Tayib bu ovozlar paydo bo‘lishining 3 versiyasini taklif qildi.

Birinchidan, bu ovoz katta kitlar ovozi bo‘lishi mumkin.

“Kitlar uzoq masofada bo‘lishi ham mumkin, suv tovush to‘lqinlarini yaxshi o‘tkazadi va ular suvda tez va uzoq masofalarga tarqalishi mumkin”, deb aytgan at Tayib.

Yana bir versiyaga ko‘ra, bu dengiz tubida zilzila natijasida hosil bo‘luvchi yoriqlar sababli yuz beruvchi “gazning siqib chiqarilishi” bo‘lishi mumkin. Mutaxassis Qizil dengiz hududi seysmik faol hududligini aytib o‘tdi. 

Uchinchidan, bu ovozlarning sababi neft kompaniyalari olib borayotgan geologik qidiruv ishlari bo‘lishi mumkin.

At Tayib shoshqaloq xulosalar chiqarmaslikka va vahimali taxminlar bildirmaslikka chaqirdi. Misr hukumati qisqa muddatlarda yuz berayotgan hodisani aniqlashga va'da berdi. Buning uchun dengiz mutaxassislari, dayverlar va baliqchilar uyushmalaridan maxsus komissiya tuzilmoqda. Bu komissiya ishiga Misr harbiy-dengiz kuchlarini jalb qilish rejalashtirilmoqda.       

 

Mavzuga oid
Top