16:30 / 07.02.2018
54260

Foto: Tayvandagi zilzila oqibatlari

Foto: Reuters

6 fevral kuni Tayvanning shimoli-sharqida 6,4 magnitudali yer silkinishi sodir bo‘ldi. Zilzila episentri Xualyan shahridan 18,3 kilometr shimoli-sharqda, o‘chog‘i 10 kilometr chuqurlikda joylashgandi.

Ushbu tabiiy ofat oqibatida Marshal mehmonxonasining binosi vayron bo‘ldi, shuningdek, bir nechta boshqa mehmonxonalar va shahardagi ko‘plab binolar shikastlandi.

CNA agentligi qutqaruvchilarga tayanib xabar berishicha, zilzila oqibatida kamida 4 kishi halok bo‘ldi, 243 kishi jarohat oldi. Yana kamida 60 kishi bedarak ketgan deb hisoblanmoqda. Bedarak yo‘qolganlar orasida Xitoy, Chexiya, Yaponiya, Singapur va Janubiy Koreya fuqarolari bor.

Ayni vaqtda 35 mingga yaqin turar joy suv ta'minoti va elektrdan mahrum bo‘lgan. Yer silkinishi oqibatida ko‘plab ko‘chalarda yoriqlar hosil bo‘lib, bir nechta ko‘priklar buzilgan. Qutqaruvchilar zilzila oqibatlarini bartaraf etish va bedarak yo‘qolganlarni qidirish ishlarini davom ettirmoqda.

Hukumat yaqin vaqtlar ichida yana kamida 5 balli zilzila ro‘y berishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

2016 yili Tayvan janubida ro‘y bergan zilzila oqibatida 100 kishi qurbon bo‘lgandi. 1999 yilda ushbu orol davlatda 7,6 magnitudali yer silkinishi sodir bo‘lib, 2000 dan ortiq kishini hayotdan olib ketgandi.

Mavzuga oid
Top