14:58 / 07.02.2018
12399

Ombordan “uchgan” yonilg‘i

“Qarshi aeroporti” DUK omborida saqlanayotgan yonilg‘i-moylash materiallari sifatini o‘rganish jarayonida mutaxassislar qiziq bir holatga duch kelishdi. B-92 markali aviabenzindan namunalar olinib, laboratoriyada tekshirilganda, sifatida talab darajasida emasligi ma'lum bo‘ldi. Mutaxassislar ushbu yoqilg‘ini ishlatishga taqiq qo‘yib, bir necha bor tekshirish ishlarini olib borishlariga to‘g‘ri keladi. Hayratlanarlisi, 27-sig‘imli rezervuardagi yonilg‘ining miqdori har gal turlicha bo‘lishi mutaxassislarni hayron qoldirdi. Buning tagiga yetish maqsadida rezervuar yaxshilab tekshirildi. Gap boshqa yoqda ekan. Unga yashirin ravishda 100 mm diametrli quvur o‘rnatilganligi aniqlandi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Tekshirish jarayonida kalavaning bir uchi yonilg‘i-moylash ombori mudiri vazifasida ishlagan B.Q. va yetakchi muhandis O.R.ga, ikkinchi uchi esa “O‘zaeronavigatsiya” markazining Qarshi shahridagi radiotexnika apparatlari faoliyati bo‘yicha radionavigatsiya muhandisi vazifasida ishlagan J.P.ga borib taqaldi. Ular tuzgan jinoiy reja oqibatida korxonaga juda katta miqdorda ziyon yetkazilganligi aniqlandi.

Gap shundaki, J.P. foydalanib kelgan “UAZ 3151” rusumli avtomashina korxonaga tegishli bo‘lib, u aeroport omboridan “O‘zaeronavigatsiya” markazining joylardagi dvigatellariga yonilg‘i-moylash mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha mas'ul hisoblanardi. Odatdagi kunlarning birida ombor mudiri B.Q. unga “ajoyib” bir “ish”ni taklif qilib qoldi. Bu “ish” ortidan yaxshigina pul ishlab olish mumkinligini qistirib o‘tdi.

J.P. o‘ylab ko‘rsa, taklif chindan ham foydali. Aeroport omboridan yashirincha kerosin va aviabenzin olib chiqib sotish ortidan kattagina daromad topish mumkin. Shu sababli bu taklif qonunga zid bo‘lsa-da, nafs uni rozi bo‘lishga undadi.

Yuqorida aniqlangan yashirincha quvur ana shu maqsadda o‘rnatilgandi. Shundan so‘ng J.P. har gal omborga kelganida yonilg‘i solingan 200 litr sig‘imli bochkalardan 2 tasini hujjat asosida, bittasini hujjatsiz olib keta boshladi. Hujjatsiz bochkalarni rejadagi manzilga tushirib qoldirib, haydovchiga uni kerakli joyga o‘zi olib borishini aytar, keyin o‘zi uyiga olib borib, yonilg‘ini odamlarga sotib yuborardi. Sotuvdan tushgan pulni esa sheriklari bilan bo‘lib olishardi. Ular bu ishga shu qadar sho‘ng‘ib ketishadiki, oqibatda korxonaga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazishganini sezmay ham qolishadi.

Shunday qilib, 2006 yildan 2012 yilga qadar bo‘lgan vaqt davomida ular haftasiga 600-800 litrdan yonilg‘i mahsulotini o‘marib, korxonaga jami 346 mln 213 ming so‘mlik zarar yetkazishdi.

Albatta, har qanday qing‘ir ishning oxiri voy. Sirlari fosh bo‘lgunga qadar davlat korxonasi mulkini o‘zlashtirish borasida o‘zlarini ustomon hisoblagan bu kimsalar katta xatoga yo‘l qo‘yishdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudining hukmi bilan aybdorlarga nisbatan tegishli jazo tayinlandi. “Qarshi aeroporti” DUKka yetkazilgan barcha zarar to‘liq qoplandi.

Mavzuga oid
Top